in

Prezident elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga doir qarorini imzoladi

Joriy yil 22 yanvar kuni Prezidentning «Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-20-son qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, elektrotexnika sanoatini 2025–2027 yillarda rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

2025 yil 1 fevraldan quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi;

korxonalarning rivojlanish va tadqiqot markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028 yil 1 fevralgacha bojxona bojidan ozod etiladi;

ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining ma’muriy bino-inshootlarini, shuningdek ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish boʻyicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:

– pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperatsiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;

– zarur tovarlar portallarda mavjud boʻlmasa, tasdiqlovchi ma’lumotnomalar asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi;

Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida elektron doʻkon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bogʻliq cheklovlarsiz oʻtkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar toʻgʻrisidagi sertifikat ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.

Mavzuga oid yangiliklar