Avvalroq O‘zbekistonda mediamahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishi e’lon qilingandi. Adliya vazirligining xabar berishicha, bu haqdagi qaror bekor qilingan.
Vazirlik tomonidan mazkur masala o‘rganilganda unda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilanganligi aniqlandi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Shu bois, media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilinganligi va ijrodan chaqirib olinganligi ma’lum qilinadi.
Shu bilan birga, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berildi.
Avvalroq ushbu loyiha yo‘lga qo‘yilayotgani faol jamoatchilik vakillari tomonidan turlicha qarashlar bilan talqin qilinayotganiga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi munosabat bildirgandi. Unda aytilishicha, “Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘sib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mediamahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilmoqda.
Ushbu loyiha mediakontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinmoqda.