Yaponiyaning Kioto universiteti tomonidan moliyalashtirilgan Toregem Biopharma kompaniyasi sentyabr oyida tishni o‘stiruvchi dunyodagi birinchi preparatni klinik sinovdan o‘tkazadi. Bu haqda Nikkei Asia
xabar berdi
.
Gap antitanachalarga asoslangan preparat haqida ketmoqda, u tishlarning rivojlanish jarayonini to‘xtatuvchi oqsilga tasir o‘tkazishi kerak. Bungacha preparat sichqonlarda sinab ko‘rilgan, natijada mavjud bo‘lmagan tishlar o‘rniga yangilari paydo bo‘lgan.
Toregem Biopharma preparatni 2030 yilgacha bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Dastlab u tug‘ma anodontiya bilan og‘rigan — tishlari to‘liq yoki qisman yo‘q bo‘lgan odamlar uchun sotiladi, ammo keyinchalik kompaniya ushbu vositani tishlarini kech yoshda yo‘qotganlarga taklif qilishni rejalashtirmoqda.
Tug‘ma anodontiya aholining taxminan 0,1 foizida uchraydi. Odatda, undan aziyat chekadigan odamlar implantlar yoki protezlar o‘rnatishi kerak. Hozirgi vaqtda kasallikning asosiy sababini bartaraf etadigan davolash usullari mavjud emas.
Toregem Biopharma asoschisi Katsu Takaxashining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya klinik sinovlarning birinchi bosqichida preparat xavfsizligini ta’minlashni rejalashtirgan. Sinovda 30 nafar sog‘lom erkak ishtirok etadi.
2025 yilda sinovlarning ikkinchi bosqichiga o‘tish rejalashtirilgan bo‘lib, uning davomida ikki yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan tug‘ma anodontiya bilan og‘rigan bemorlarni davolashda preparatning samaradorligi baholanadi.
Mavzuga oid yangiliklar