Avstraliyaning Kertin universiteti olimlari ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanish ruhiy salomatlikka ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra kamroq ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan vaqt miqdori depressiya, xavotir va stress ko‘rsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Bundan tashqari, ta’sir har doim ham salbiy bo‘lavermaydi: ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlar hatto ba’zi kognitiv funksiyalarni yaxshilashga yordam
beradi
.
Tadqiqot rahbari Xloya Jonsning ta’kidlashicha, natijalar ijtimoiy tarmoqlarning ruhiy sog‘liqqa mutlaqo zararsizligini anglatmaydi, balki ular o‘rtasidagi aloqa murakkab va ko‘p qirrali ekanini ko‘rsatadi.
“
Masalan, yakkalangan sharoitda yashaydigan odamlar uchun ularni qo‘llab-quvvatlovchi onlayn jamoa qutqaruvchi bo‘lishi mumkin. Ammo boshqa tomondan, mukammal suratlar joylashgan sahifalarni uzluksiz ko‘rib chiqish o‘z tanasini qabul qilish bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin
”, — deb ta’kidlaydi Jons.
Tadqiqotning o‘ziga xos xususiyati obyektiv ma’lumotlardan foydalanish bo‘ldi: avvalgi ishlarning aksariyati ishtirokchilarning o‘zini o‘zi baholashga asoslangan bo‘lsa, bu safar Kertin universiteti Jamoat salomatligi maktabi mutaxassislari 17 yoshdan 53 yoshgacha bo‘lgan 400 dan ortiq kishining mobil telefonlaridan real ma’lumotlarni to‘pladi. Bu respondentlarning ijtimoiy tarmoqlarda aniq qancha vaqt o‘tkazayotganini o‘lchash imkonini berdi.
Tadqiqotchilar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ma’lumotlarini ishtirokchilarning depressiya, tashvish va stress ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda, ijtimoiy tarmoqlar faqat tashvish darajasi bilan kuchsiz bog‘liqligini, depressiya hamda stressga deyarli ta’sir ko‘rsatmasligini aniqladi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanish diqqatni boshqarish qobiliyatini biroz yaxshilashi ma’lum bo‘ldi.
“
Agar bu sohada asosli qarorlar qabul qilmoqchi bo‘lsak, sifatli ma’lumotlarga tayanishimiz zarur
”, — dedi Jons. “
Tadqiqotimiz ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan vaqt xolisona o‘lchanganda, uning ta’siri juda kam yoki umuman yo‘qligini ko‘rsatdi
”.
Tadqiqot hammuallifi, professor Patrik Klarkning ta’kidlashicha, ushbu kashfiyot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va foydalanuvchilarning shaxsiy xususiyatlari ularning ruhiy salomatligiga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun yangi izlanishlarga asos bo‘lishi mumkin.
“
Masalan, bizning tahlillar turli platformalar foydalanuvchilarga turlicha ta’sir ko‘rsatishini aniqladi: TikTok’dan foydalanish diqqatni nazorat qilish qobiliyatining biroz yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘lsa, Facebook’dan foydalanish ruhiy zo‘riqish darajasining oshishiga sabab bo‘ladi
”, — deb tushuntiradi Klark. Qizig‘i, bu bog‘liqlik foydalanuvchilar o‘rtasidagi yosh farqlari hisobga olinganda ham saqlanib qolgan.
Olimlar faqat ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan vaqtni o‘rganib, foydalanuvchilar aynan nima bilan shug‘ullanganini tahlil qilmagan. Professor Klarkning ta’kidlashicha, ushbu tadqiqot ruhiy salomatlik uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish davomiyligi emas, balki ular bilan o‘zaro munosabat xarakteri muhimroq ekanini ko‘rsatadi.
Mavzuga oid yangiliklar