Harvard universiteti muhandislari hech qanday dvigatel va mexanizmlarsiz mini suzuvchi robotlarni qanday yaratish mumkinligini o‘ylab
topdi
. Buning uchun mutaxassislar Marangoni effektini esladi — unda sirt tarangligi kichik bo‘lgan suyuqliklar tarangligi katta modda bo‘ylab tez yoyiladi.
G‘oyani hayotga tatbiq etish uchun olimlar diametri taxminan bir santimetr bo‘lgan dumaloq plastik shaybalarni 3D printerda chop etdi. Ushbu shaybalarning ichiga suzishni ta’minlovchi havo kamerasi va spirt solingan kichkina yonilg‘i baki joylashtirildi. Spirt asta-sekin oqib chiqib, robotni oldinga harakatlantirdi. Spirt bejiz tanlanmagan: uning sirt tarangligi kichik, juda tez bug‘lanadi va suvni ifloslantirmaydi.
Tajriba mualliflaridan biri Jekson Uilt tushuntirishicha, robotni harakatlantiradigan eng muhim omil — spirtli ichimlikning kuchli ta’siri. Tajribada aroq boshqa ichimliklardan yaxshiroq natija bergan. Tarkibida spirt nihoyatda ko‘p bo‘lgan absent ichimligi esa eng katta ta’sir o‘tkazdi. Robot harakati maksimal tezlikda sekundiga 6 santimetrga chiqdi, ba’zi urinishlarda esa 8,5 daqiqagacha harakatlanishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq olimlar buning o‘zi bilan cheklanib qolmadi. Keyinchalik ular bir nechta yonilg‘i teshiklariga ega shaybalarni 3D printerdan chiqardi, bu esa yanada kattaroq robotlarni yaratish imkonini berdi.
Avvalroq xitoylik olimlar sun’iy idrok asosida avtonom ishlay oladigan birinchi qutqaruvchi robotni yaratgandi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan robot daryoda doimiy patrullikni boshlagan. U inson aralashuvisiz kecha-yu kunduz navbatchilik qila oladi.
Mavzuga oid yangiliklar