in

AQSH Adliya vazirligi Google'dan Chrome'ni sotishni talab qiladi

AQSH Adliya vazirligi suddan Google kompaniyasi (Alphabet’ga tegishli) zimmasiga onlayn qidiruv bozorida noqonuniy monopoliya o‘rnatganiga jazo sifatida Chrome brauzerini sotish majburiyatini yuklashni talab qilmoqchi. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib

xabar berdi

.

Prokuratura vakillari 20 noyabr kuni o‘z taklifini AQSHning Kolumbiya okrugi sudyasi Amit Mextaga taqdim etishni reja qilmoqda. Antimonopoliya organlari Google Chrome’ni sotishini xohlamoqda. Bloomberg Chrome’ni dunyodagi eng mashhur brauzer deb atab, AQSH bozorining 61 foizi uning hisobiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hukumati qattiqroq jazo chorasini qo‘llashdan voz kechgan, ular Google’dan Android mobil operatsion tizimini sotishni talab qilishlari mumkin edi.

Shu bilan birga, AQSH Adliya vazirligi Google’ga Android’ni boshqa mahsulotlaridan, jumladan, qidiruv tizimi va Google Play ilovalar do‘konidan ajratish taklifini ilgari surmoqchi. Shuningdek, idora kompaniyaga o‘z qidiruv tizimi natijalari va ma’lumotlarini litsenziyalashni tavsiya qiladi, bundan tashqari, saytlarga Google sun’iy intellekti ularning kontentidan foydalanish imkoniyatini taqiqlovchi ko‘proq vakolatlar beradi.

Agentlikka ko‘ra, ushbu variantlarning barchasi vazirlik va unga qo‘shilgan shtatlar oktyabr oyida ilgari surgan dastlabki talablar ro‘yxatida bo‘lgan. Shuningdek, talablar qatorida Google’ning boshqa texnologik kompaniyalar bilan eksklyuziv shartnomalarini taqiqlash ham bor edi.

Google’ning tartibga solish masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Li-Enn Malxollandning ma’lum qilishicha, Adliya vazirligi «ushbu ishda huquqiy masalalardan uzoqroq bo‘lgan radikal kun tartibini ilgari surishni davom etmoqda». Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat «Amerika iste’molchilari, ishlab chiquvchilari va texnologiya rahbariyatiga eng zarur bo‘lgan paytda zarar yetkazadi».

Adliya vazirligi holatga izoh berishdan bosh tortgan.

5 avgust kuni AQSHning Kolumbiya okrugi sudi federal sudyasi Amit Mexta Google kompaniyasi onlayn qidiruv tizimi bozoridagi monopoliyasini saqlab qolish uchun noqonuniy faoliyat yuritgani to‘g‘risida qaror chiqargandi. Shundan so‘ng Adliya vazirligi Google’ni bo‘lib yuborish bo‘yicha talab qo‘yish imkoniyatini faol ko‘rib chiqa boshladi.

Sud qarorida keltirilishicha, Google’ga egalik qiluvchi Alphabet INC kompaniyasi boshqa texnologik gigantlarga o‘z qidiruv tizimi smartfon va brauzerlarga standart variant sifatida o‘rnatilishi uchun 26 milliard dollar to‘lagan, bu orqali kompaniya raqobatchilarining bozorda muvaffaqiyatga erishishiga imkoniyat qoldirmagan.

Mavzuga oid yangiliklar