Xabaringiz bor, yaqinda “Neftchi” klubi bir qator transferlarni e’lon qildi. Ularning orasida serbiyalik tajribali hujumchi Zora Marushich ham bor. U rasman 2025 yilda farg‘onaliklar sharafini himoya qiladi.
Sports.uz
jurnalisti esa Marushich “Neftchi” a’zosiga aylangach, ilk intervyuni oldi.
– Zoran, “Neftchi” klubiga o‘tganingiz bilan tabriklayman. Nima uchun aynan “Neftchi”?
– Klub meni bir necha marta chaqirdi, ammo o‘shanda aniq bir narsa bo‘lmagani sababli ish oxirigacha yetmagandi. Hozir esa vaziyat o‘zgargan, jamoaning maqsadlari katta va buning bari menga yoqyapti!
– Siz bu yil “Nasaf” bilan chempionlikni qo‘lga kiritdingiz. Nega u yerda qolmadingiz? Yoki murabbiy ketishingizni xohladimi?
– Bu yil o‘z maqsadimizga erishib, tarixda ilk marotaba unvonga ega chiqdik. “Nasaf” bunga munosib ekanini anchadan beri namoyish etib kelayotgan edi! “Nasaf”da qolmoqchi edim, lekin “Neftchi” menga katta qiziqish bildirdi va faoliyatimda yangi qadam tashlashga qaror qildim.
– “Nasaf” safida 26 ta o‘yinda 13 ta gol urdingiz. Ushbu statistik raqam sizni qoniqtiryaptimi?
– Joriy yildagi statistik ko‘rsatkichlarimdan ko‘nglim to‘ldi, desam ham bo‘laveradi. Yanada ko‘proq gollar urishim mumkin edi, biroq asosiy natijadan ko‘nglim to‘ldi.
– “Neftchi”ga o‘tishingizda kim asosiy rolni o‘ynadi?
– Yuqorida qayd etib o‘tganimdek, “Neftchi”dan menga bir necha marta qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Shu bois ular bilan kelishishim hech qanday qiyinchilik tug‘dirmadi.
– Superliga klublariga har doim yaxshi hujumchilar kerak. Dragan Cheran 6 yildan beri eng yaxshi to‘purar bo‘lib kelmoqda. Sizningcha, nima uchun bizda mahalliy hujumchilar kamayib ketdi?
– O‘ylaymanki, yaxshi hujumchilar ko‘p, ayniqsa, yoshlar orasida. Shunchaki, ularga ishonish va ko‘proq imkon berish kerak xolos.
– “Neftchi”ga o‘tishingiz arafasida bosh murabbiy Vitaliy Levchenko bilan suhbatlashdingizmi?
– Biz gaplashmadik. Lekin o‘tgan yili ham “Neftchi” bilan shartnoma imzolashim kerakligi borasida gaplar bo‘lgandi, ammo men baribir “Nasaf”ni tanlagandim.
– Zoran, oldingizda yana qanday variantlar bor edi?
– Turli agentlardan menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Lekin ko‘pchiligi aniq bir taklifni ilgari surmagandi. O‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘ygani uchun ham “Neftchi”ni tanladim.
– Yangi mavsumda ham “Neftchi” tarkibida to‘purarlikni mo‘ljallayapsizmi?
– Endi “Neftchi” bilan birga chempionga aylanishni xohlayman. Agar shuning barobarida eng yaxshi hujumchiga aylana olsam, zo‘r ish bo‘lardi-da, o‘ziyam!
Ctrl