in

Qatar Masters turnirida 3-o‘rinni olgan Nodirbek Abdusattorov qancha pul ishlab topdi?

Qatar poytaxti Doha shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha nufuzli musobaqa o‘z yakuniga yetdi.

2-12 dekabr kunlari Qatarning Doha shahrida “Qatar Masters” turniri bo‘lib o‘tdi. Mukofot jamg‘armasi 94200 AQSH dollarini tashkil etgan turnir formatiga ko‘ra, ishtirokchilar 9 tur davomida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi. Vaqt nazorati esa klassik tarzda o‘tdi.

Musobaqada umumiy 53 nafar (15 nafari Open A, 38 nafari Open B guruhida) o‘zbekistonlik shaxmatchilarimiz ishtirok etishdi.

Open turnirida 15 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurashdi. Ular orasida eng yaxshi natijaga Nodirbek Abdusattorov (2777) erishdi.

Turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan Abdusattorov so‘nggi turda hindistonlik grossmeyster Leon Luke Mendonsa (2642) ni mag‘lubiyatga uchratdi. To‘qqiz imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan Nodirbek qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnirda sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi. Turnirning birinchi tartib raqamli shaxmatchisi Arjun Ergaisi (Hindiston, 2801) Nodirbek singari 7 ochko bilan 2-o‘ringa ega chiqdi.

O‘zbek shaxmatchilari orasida ikkinchi eng yaxshi natijani Abdumalik Abdusalimov (2536) qayd etdi. Yosh grossmeyster 6 ochko bilan 8-pog‘onadan joy oldi. Yettinchi o‘rinni egallagan hindistonlik Idani Puya (2603) ham Abdumalik singari 6 ochko to‘pladi. Olti ochkoga ega Nodirbek Yakubboyev (2668) qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 18-o‘rin bilan kifoyalandi.

Qatar Masters 2024 chempionligi rossiyalik Andrey Yesipenkoga nasib etdi. FIDE bayrog‘i ostida o‘ynagan Yesipenko 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Chempion 25 000, Ergaisi 15 000, Abdusattorov esa 10 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid yangiliklar