Qishki transferlar davri yaqinlashgani sari klublar o‘zlariga kerakli futbolchilarni olish imkoniyatini chamalab chiqmoqda. Oldindagi transfer oynasi davrida o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilaridan biri Abduqodir Husanovning bozori qaynaydigan ko‘rinadi.
Yevropa matbuoti “Lans”da porlayotgan himoyachining xaridorlari ko‘payib borayotganini yozmoqda. Xususan, nufuzli manbalardan biri L’Équipe nashri Abduqodir Husanov uchun kurashga “Manchester Siti”, PSJ va “Atletiko” klublari ham qo‘shilganini
ma’lum qildi
.
Aslida legionerimizning kuchli klublar e’tiboriga tushgani haqidagi ma’lumotlar bir necha oydan beri tarqatilmoqda.
Bu 20 yoshli markaziy himoyachimizning mavsum boshida Kevin Dansoning o‘rniga “Lans” asosiy tarkibiga kiritilganidan birdaniga yuqori saviyada o‘ynay olganidan keyin boshlangan jarayon hisoblanadi.
Abduqodir Husanov jamoasi qanday natija qayd etishidan qat’i nazar, har bir uchrashuvda ishonchli o‘ynamoqda. Futbolchimizning himoya chizig‘ining istalgan nuqtasida o‘ynay olishi, tezkorligi, yakkakurashlarda yengilmasligi, to‘pni har qanday masofaga aniq yetkazib berishi, ayniqsa, kutilmagandagi podkatlari va yelkama-yelka kurashdagi mahorati uning kuchli jihatlari sifatida e’tirof etilmoqda.
Ekspertlar o‘zbek himoyachisining salohiyati va mahoratini inobatga olib, uning Yevropaning har qanday jamoasida o‘ynay olishi mumkinligini alohida ta’kidlayapti.
Yuqori nomi keltirilgan “Manchester Siti”, “Atletiko” va “Pari Sen-Jermen” kabi grand klublardan tashqari, Abduqodirga boshqa da’vogarlar ham borligini unutmaslik kerak.
Xususan, turli manbalarda o‘zbek himoyachisi Angliya Premer-ligasidan “Arsenal”, “Chelsi”, “Everton”, “Nyukasl”, Germaniya Bundesligasidan “Bayer” va “Leypsig”, Fransiyadan “Marsel” kabi klublar kuzatuvida ekani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.
“Lans” tez orada budjetga 40 million yevro atrofida tushum qilishi talab etiladi. Bu orqali Fransiya klubi moliyaviy feyr-pleyni ta’minlagan bo‘ladi. Lansliklar bu miqdordagi tushumni o‘tgan yoz olmoqchi edi. Biroq Kevin Danso va Nil Al-Aynauining “Roma” va “Monako”ga transferlari barbod bo‘lishi ortidan klub moliyaviy jihatdan muammoga to‘qnash keldi.
Transfermarkt portali Abduqodir Husanovni yangilangan reytingda 12 million yevroga baholab, Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi aylantirdi. Bu summa mavsum oxiriga qadar yanada ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, 12 million yevro “Lans” rahbariyatini qoniqtirmaydi. Lansliklar mavsum kashfiyotiga aylangan o‘zbek futbolchisini ayni paytda nafaqat Fransiya, balki butun Yevropadagi eng iste’dodli yosh himoyachi, deb biladi va uning transferi uchun ancha yuqori narx talab qilmoqchi.
Transferlar bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, “Lans” Abduqodir Husanov transferi orqali klubga 30 million yevro tushum qilmoqchi. Bu narx himoyachini yanvarda olmoqchi bo‘layotgan klublar uchun dolzarb. Yozga borib, Husanovning narxi ko‘tarilsa, “Lans”ning talabi ham oshishi tabiiy.
Demak, Abduqodir Husanov atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Balki iste’dodli futbolchimizning Yevropaning grand klublarida o‘ynash davri kelgandir…