in

Husanov Manchesterda e’tirof etildi: kamtarlik va mahorat uyg‘unligi…

Qozog‘istonlik jurnalist Oljas Baybosin Angliyaga safar qilib, “Manchester Siti” safida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi. Bu muloqot nafaqat ikki xalq o‘rtasidagi iliq munosabatlarni, balki futbol orqali shakllanayotgan yaqinlikni yana bir bor namoyon qildi.

Jurnalist o‘zining Instagram sahifasida UYEFA Chempionlar ligasi doirasidagi «Real»ga qarshi uchrashuv chog‘ida Husanov bilan tushgan foto va videolarni joyladi. Unda o‘zbekistonlik himoyachi mehmonga imzosi tushirilgan futbolkasini sovg‘a qilgani aks etgan. Bu kichik, ammo samimiy jest muxlislar orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Baybosinning ta’kidlashicha, Husanov nafaqat maydonda, balki hayotda ham juda sodda va kamtar inson. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvni tashkil etish oson kechgan — futbolchi hech qanday ortiqcha rasmiyatsiz rozilik bildirgan. Ayniqsa, Husanovning otasi Hikmat akaning “qozoqlar va o‘zbeklar birodar xalqlar” degan so‘zlari jurnalistda katta taassurot qoldirgan.

– Abduqodir — oddiylik va kamtarlik ramzi! Biz Manchesterga kelib, uchrashib suhbatlashish imkoniyatini so‘raganimizda, u “yaxshi” deb javob berdi.

Abduqodirning otasi Hikmat akaga katta rahmat, u “Oljas, xavotir olma, biz qozoqlar va o‘zbeklar — birodarmiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak” dedi. “Senda bilet bormi?” deb so‘radi, bu juda samimiy bo‘ldi, – deb yozdi jurnalist o‘z Instagram sahifasida.

Uchrashuvning yana bir muhim jihati — Husanovning yuqori darajadagi o‘yini. Garchi «Manchester Siti» mazkur bahsda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, himoyachi o‘z pozitsiyasida ishonchli harakat qildi. Buni xalqaro ekspertlar ham tan olmoqda.

Jumladan, qozog‘istonlik sport sharhlovchisi Didar Yesemov Husanovning harakatlariga yuqori baho berdi. Uning fikricha, o‘zbek futbolchisi jamoa himoya chizig‘ida eng barqaror o‘yin namoyish etgan futbolchilardan biri bo‘lgan. Ayniqsa, u ma’lum vaqt davomida Vinisius Junior kabi tezkor va xavfli hujumchini samarali to‘xtatib turishga erishgani alohida e’tirof etildi.

– Mening fikrimcha, Husanov ushbu o‘yinda “Manchester Siti” himoya chizig‘idagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Uning himoyadagi ikki sherigi ancha erta almashtirildi, Rayan Ayt-Nuri esa ko‘proq hujum harakatlariga e’tibor qaratdi. Husanov ma’lum vaqt davomida Vinisius Juniorni samarali to‘xtatib turishga muvaffaq bo‘ldi, albatta, 90 daqiqa davomida bunday vaziyatlar bo‘lishi tabiiy va baribir braziliyalikda imkoniyatlar yuzaga keldi, – dedi Didar Yesemov.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday yuqori saviyadagi o‘yinlar yosh futbolchining kelajagi porloq ekanini ko‘rsatadi. Albatta, butun jamoa o‘yini murakkab kechgan vaziyatda ham Husanov o‘z darajasini saqlab qolgani uning professionallik darajasini namoyon qiladi.

– Umuman olganda, o‘yin yomon o‘tmadi, ammo Husanovning o‘yinini, albatta, butun jamoa o‘yini kontekstida baholash kerak. Bu sharoitda “Siti”ga obyektiv jihatdan juda qiyin bo‘ldi. Agar alohida o‘zbek himoyachisini ajratib ko‘rsak, mening fikrimcha, uning performansi ushbu o‘yinda “Manchester Siti” tarkibidagi eng yaxshilardan biri bo‘ldi, – dedi Didar Yesemov.

Ma’lumot o‘rnida, 22 yoshli Abduqodir Husanov 2025-yil yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga ko‘chib o‘tgan edi. U bu orqali nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo futbol tarixida Angliya Premer-ligasida to‘p surgan ilk futbolchilardan biriga aylandi.

Shu tariqa, Husanov nafaqat o‘z o‘yini, balki insoniy fazilatlari bilan ham muxlislar qalbidan joy olishda davom etmoqda. Agar shu tempda ketsa, kelajakda uni yanada katta maydonlarda ko‘rishimiz hech gap emas.

Ma’lumot

Mehmon

guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.

Yangiliklar

»

Sport

» Husanov Manchesterda e’tirof etildi: kamtarlik va mahorat uyg‘unligi…

So’nggi yangiliklar

Tashiyev Hayit namozida qatnashdi va o‘zi xafa qilganlardan kechirim so‘radi (video)

Bugun, 11:57

Yulduz Turdiyeva uchun eng zo‘r xonanda kim?

Bugun, 11:32

Zokir Ochildiyev: “Ota-onani rozi qilishni kechiktirmang”

Bugun, 11:05