in

Fransiya va Ispaniyadan bo‘lgan qiziqish ortidan Fayzullayevning maoshi oshirildi

O‘zbek futbolining eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan Abbosbek Fayzullayev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan SSKAga 500 ming yevro evaziga ko‘chib o‘tgan edi.

Iste’dodli hujumkor futbolchi qisqa fursatda “armiyachilar” yetakchisi aylandi. Debyut mavsumidayoq Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof

etildi

.

Bugungi kunda SSKAning hujum chizig‘ini o‘zbek futbolchisisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Poytaxt klubi muvaffaqiyatlari ko‘p jihatdan Abbosning o‘yiniga bog‘liq. Fayzullayev SSKAdagi asosiy figuralardan ekaniga hech kim shubha qilmaydi.

Biroq 21 yoshli legionerimiz jamoada eng past maosh oladigan o‘yinchilardan biri bo‘lib qolayotgan edi.

Yaqinda Rossiyaning Sashsport sayti SSKA futbolchilarining maoshlarini keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, Fayzullayev yiliga umumiy hisobda 110 ming yevro mablag‘ olayotgani aytilgan.

Solishtirish uchun uning jamoadoshlariga to‘lanayotgan summalarni keltirish mumkin. Jumladan, jamoa sardori darvozabon Igor Akinfeyevning yillik maoshi 1,6 million yevroni tashkil etadi. Igor Diveyev 1,5, Ivan Oblyakov 1,25, Danil Krugovoy 1 million yevro maosh olishi qayd etilgan.

Yaqinda Fransiyaning “Monako” va Ispaniyaning “Real Sosedad” klublari Abbosbek Fayzullayevga jiddiy qiziqayotgani haqida ma’lumotlar tarqatildi. Shundan so‘ng, SSKA rahbariyati o‘zbek futbolchisiga yangi shartnoma taklif qilish harakatiga tushib qoldi. Garchi hali tomonlar yangi bitim bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan bo‘lsa-da, “armiyachilar” Fayzullayevning maoshini ko‘tarishga qaror qildi.

Bu haqida taniqli insayder Ivan Karpov ma’lum qildi: –

Fayzullayev — klubda debyut qilganidan beri SSKAning eng samarali o‘yinchisi bo‘lib turibdi. 21 yoshli futbolchi Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida sakkizta gol va 15 ta assist qayd etgan

.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha kuchli uchlik quyidagicha ko‘rinish oldi:

• Fayzullayev — 23 (8 gol+15 pas)

• Musayev — 20 (15 gol+5 pas)

• Kellven — 17 (5 gol+12 pas).

Ushbu samaradorlikni taqdirlash lozim. Fayzullayevning shartnomasida muayyan shartlar bajarilsa, maosh ko‘tarilishi belgilangan. Biroq, klub rahbariyati muddatidan avval, ya’ni 1 dekabrdan boshlab, Abbosning maoshini oshirishga qaror qildi

, – deb yozmoqda Ivan Karpov.

Abbosbek Fayzullayevning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida hamkorlikni yana bir mavsum uzaytirish imkoniyatiga ega.

Transfermarkt portali ekspertlari 21 yoshli hujumkor futbolchining transfer summasini sakkiz million yevroga ko‘tardi.