Yevropaning “top-5” ligalaridagi futbolchilarimiz safi kengaya boshladi. Eldor Shomurodov Italiya chempionatida katta tajriba to‘plagan bo‘lsa, Abduqodir Husanov Fransiya yuqori divizionida eng yaxshi himoyachilaridan biri sifatida porlamoqda.
Endi Ispaniya chempionatiga yosh futbolchi Lazizbek Mirzayev yo‘l oldi. La Liga vakili “Leganes” o‘zbekistonlik iste’dod egasini o‘z safiga qo‘shib oldi.
Yevropaning kuchli chempionatlariga o‘tishi kutilayotgan o‘yinchilarimizdan yana biri sifatida Abbosbek Fayzullayev nomi tilga olinmoqda. Ayni paytda 21 yoshli hujumkor futbolchiga Fransiyaning “Monako” va Ispaniyaning “Real Sosedad” kabi klublaridan qiziqish bo‘layotgani haqida axborot
tarqatildi
.
Fayzullayev o‘ynayotgan SSKA jamoasining serbiyalik bosh murabbiyi Marko Nikolich o‘zbek futbolchisining Yevropada o‘ynash imkoniyatiga baho berdi.
–
Abbosbek Fayzullayev kelajakda kuchli futbolchi bo‘lib yetishishi aniq. Joriy mavsumda ham u samaradorligini davom ettirmoqda.
Lekin menimcha, Fayzullayev bu yil o‘tgan mavsumdagidan yaxshiroq o‘ynashi kerak. Chunki u Premer-ligada ikkinchi mavsumini o‘tkazyapti.
Bu mavsum bizda sakkiz-to‘qqiz o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz uzun seriya bo‘ldi. O‘shanda bizning bu ko‘rsatkichimizni Abbosbek Fayzullayev va Ivan Oblyakovning yuqori saviyadagi o‘yini, gollari va assistlari ta’minlab berdi.
Agar shaxsan Abbosbek Fayzullayev haqida gapirsam, u mavsumni kutilganidan bo‘shroq boshladi. Chunki u bizning yig‘inlarni qoldirib, Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi, ma’lum muddatdan keyin jamoaga qaytib keldi.
Keyin muntazam ko‘tarila boshladi, ketma-ket beshta uchrashuvda jamoaning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Yil oxiriga kelib, o‘yini yana sal pasaygandek. Bunday pallada boshqa o‘yinchilar yetakchilikni o‘z zimmasiga olishi kerak.
Abbosbek esa, biz unga hamon jiddiy tarzda suyana olishimizni ko‘rsatishi uchun oldindagi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi.
21 yoshli iqtidor egasi Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi. Endi bunday mas’uliyatli e’tirofni qanday ko‘tarishini kuzatish juda qiziqarli bo‘lardi. Qani ko‘ramiz, osmonda uchadimi yoki yerda yuradimi?!
Fayzullayevning kelajagi bor. U xorijda o‘ynay olishi aniq. Chunki o‘yin sifati yuqori
, – dedi Marko Nikolich.
Abbosbek Fayzullayevning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida hamkorlikni yana bir mavsum uzaytirish imkoniyatiga ega.
Transfermarkt portali ekspertlari 21 yoshli hujumkor futbolchining transfer summasini sakkiz million yevroga ko‘tardi.