in

Abduqodir Husanov kechagi o‘yinda “qovun tushirdi”…

Fransiya chempionatida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Lans” ketma-ket uchinchi o‘yinda ochko yo‘qotdi.

Beshinchi turda lansliklar “Renn” mehmoni bo‘ldi. Bahsning kulminatsion nuqtasi 23-daqiqaga to‘g‘ri keldi va uning “qahramoni” Abduqodir Husanov bo‘ldi. Shu paytgacha bo‘lgan uchrashuvlarda jamoasi himoyasini mustahkam ushlab kelgan legionerimiz bu gal “Lans” darvoza ishg‘ol qilinishiga sababchi bo‘lib qoldi.

Penaltidan urilgan goldan keyin “Lans” bor e’tiborini mag‘lubiyatdan qutilib qolishga qaratdi va nihoyat, o‘yin yakunlanishi arafasida Mbala Nzola mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga bir ochko keltirdi.

Fransiya futbolini yoritib kelayotgan nufuzli manbalar 20 yoshli markaziy himoyachimizning “Renn” bilan bo‘lgan uchrashuvdagi o‘yinini quyidagicha

baholadi

:

MAXIFOOT.FR:

Husanov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. “Lans” shu paytga qadar chempionatda faqat bitta to‘p o‘tkazib yuborgani uchun “Roajon Park” arenasidagi o‘yinni ham ishonch bila boshladi. Mezbonlar bosimni oshirgan pallada, “Lans” ortga chekindi va bundan xato kelib chiqdi.

“Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov jarima maydonchasi ichida to‘pni qaytarishda shoshib qoldi va Baptist Santamariyaning oyog‘iga tepib yubordi. Bu holat bo‘yicha belgilangan penaltini Arono Kalimuendo aniq bajardi. Qolgan daqiqalarda o‘zbek legioneri ancha o‘zini bosib o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

MADEINLENS.COM:

Abduqodir Husanovning omadi chopmadi. Muhim o‘yinda penaltiga sababchi bo‘lib qoldi. Bu holatda nima qilishini bilmay qoldi. Bu xatosidan keyin tezda o‘ziga keldi va qolgan daqiqalarda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.

LE11HDF.FR:

Hayotda hayratlanarli voqealar ham bo‘lib turadi. “Renn” kabi o‘yinchilari birdam jamoaga duch kelgan “Lans” uchrashuvda g‘alabaga erisha olmadi.

Bellashuvning muhim nuqtasi birinchi bo‘lim o‘rtalarida yuz berdi. Abduqodir Husanov darvoza oldida o‘z harakatlarini nazorat qila olmadi va to‘pni qaytarish chog‘ida raqib oyog‘iga tepib, qoidani buzdi.

Bosh hakamning nuqtani ko‘rsatishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Bris Samba Kalimuendo yo‘llagan zarba yo‘nalishini topishda xato qildi.

LENSOIS.COM:

Abduqodir Husanov mavsum boshidan beri bexato o‘ynab kelayotgan va muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan edi. “Renn”ga qarshi bahsda ham aslida ishonchli o‘ynadi. U birinchi bo‘limning o‘zida uchta yakkakurashda raqiblaridan ustun keldi.

Biroq Abduqodir bir vaziyatda Arno Kalimuendoning zarbasidan keyin o‘z jamoasi darvozasiga to‘p kiritib qo‘yishiga bir bahya qoldi. Bundan tashqari, Santamariyadan to‘pni olib qo‘yishga uringanida raqibning oyog‘iga tepib yubordi. Bosh hakam qo‘llagan jazo penalti bo‘ldi.

Beshta uchrashuvda ikkita g‘alaba va uchta durang qayd etgan “Lans” to‘qqiz ochko to‘plagan holda mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirmoqda. Endi Uill Still shogirdlari chempionatdagi keyingi bellashuvni 29 sentyabrda o‘z maydonida “Nitssa”ga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid yangiliklar