Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ko‘chada homilador ayolni haqorat qilgan uch nafar erkakka 10 sutkadan qamoq jazosi tayinladi. Ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, jabrlanuvchi taxminan soat 20:45 da ishdan uyiga qaytayotganini aytgan. Unga 30−40 yoshlardagi uch notanish erkak shilqimlik qila boshlagan. Ular haqoratli so‘zlar va beadab xatti-harakatlar qilishgan.
Ayol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Erkaklarning shaxsiyati tez orada aniqlandi. IIBB tomonidan e’lon qilingan videoda ular uzr so‘ragani va bunday xatti-harakat boshqa takrorlanmasligiga va’da bergani aks etgan.
«
Kafedan chiqib, do‘stlarimiz bilan birga ketayotgan edik. Yo‘lda bu ayolga duch keldik. Men alkogol ta’sirida bo‘lib, tasodifan unga turtilib ketdim. Qilgan ishimdan va aytgan gaplarimdan qattiq pushaymonman. Ming bor uzr so‘rayman, meni kechiringlar
», — dedi erkaklardan biri.