O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga nogironligi bor hamda ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va oilaviy muhitga qaytishini tashkil qilish masalalarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, shu yilning o‘zida mehribonlik va bolalar uylaridan 300 nafar o‘g‘il-qizlar oilaviy muhitga qaytgan. Hozirda oilaviy muhitdan ajralgan holda ta’lim-tarbiya olayotgan yana 500 nafar bola bor.
Mas’ul idoralarga Milliy gvardiya tajribasi asosida 500 nafar bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirish va ta’lim olishi uchun sharoit yaratish topshirildi.
Nazoratsiz va qarovsiz bolalar yashashi, o‘qishiga ixtisoslashgan maktablar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi, ularda bunday bolalar uchun 5 foiz kvota bo‘ladi.
Bunda ushbu maktablarga bolalarni Ijtimoiy himoya agentligi yo‘llanmasi asosida yuborish ko‘zda tutiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu majlisda Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga kelgusi yilda nogironligi bor insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olinishi borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish yuklatilgandi.