O‘zbekistonda jami 12 ta turistik firma “Umra” tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘ldi.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida hukumat qarori bilan o‘rnatilgan talablarni chetlab o‘tib, fuqarolarni “Umra” safariga yuborishga urinish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Marg‘ilon shahrida yashovchi M.A. vakolati bo‘lmasa-da Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 5 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, xizmati evaziga 5700 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Uchko‘prik tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari O.M. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, 2 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qo‘qon shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy turistik firma ish yurituvchisi A.J. 2 nafar fuqaroni aldab, ularni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.