in

Farg‘onada portlagan “zapravka”ning egasi kim ekani ma’lum bo‘ldi?

17 dekabr kuni Farg‘ona shahrining Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan ko‘p yoqilg‘ili AYOQSH va AGQSHda portlash sodir bo‘lib, mudhish oqibatlarni keltirib chiqardi: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 4 kishi halok bo‘ldi, ular orasida bolalar ham bor. Bir nechta mashinalarga, atrofdagi turar-joy binolariga zarar yetdi.

Kun.uz

manbasiga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan AGQSH “Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasiga tegishli.

Davlat reyestriga ko‘ra, bu xususiy korxona 2006 yil 10 avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ta’sischisi – Mavlonov Azizxo‘ja Usubxo‘jayevich.

Mavlonov Azizxo‘ja Usubxo‘jayevich – Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov oilasiga mansab shaxs hisoblanadi. Buni Kun.uz’ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov 1975 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1997 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. 2002-2021 yillar davomida prokuratura organlarida xizmat qilgan. 2018 yildan Bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlanguniga qadar (2021 yil 18 noyabr) O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Kun.uz bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillarining aytishicha, aholi xonadonlariga yaqin joydagi bu AYOQSH va AGQSH qurilishiga odamlar norozilik bildirishgan, lekin mas’ullar bunga e’tibor qaratmagan.

Hodisaning ertasiga Farg‘ona viloyat IIB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi hamda 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan, 2 nafar shaxslarni ushlash choralari ko‘rilmoqda. Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyat IIB axborotida portlash sodir bo‘lgan AGTSH mansub korxona nomi ochiqlanmagan.

Mavzuga oid yangiliklar