JSST ma’lumotlariga ko‘ra, stress insoniyat hayotiga tahdid soluvchi besh asosiy xavfli omildan biridir. Ruhiy zo‘riqish, ortiqcha asabiylashish va depressiya ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqarishi sir emas. Xo‘sh, stress paydo bo‘lishining sababi o‘zi nimada? Bunda inson organizmida qanday mexanizmlar ishga tushadi? Uning oldini olish mumkinmi?
SSV Matbuot xizmati shu mavzuda Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov bilan suhbatlashdi.
— Stress — bu ruhiy holatmi yoki fiziologik? U nima sababdan kelib chiqadi?
— Stress — inson organizmining o‘zi uchun xavf deb hisoblagan tashqi omillarga nisbatan tabiiy himoya reaksiyasi. Stressni, jumladan ruhiy va jismoniy zo‘riqish, salomatlik, oila, ishdagi muammolar, nosog‘lom turmush tarzi keltirib chiqarib, organizmda muvozanatni buzadi. Deylik, kecha odatdagidan kechroq uxlaganingiz tufayli bugun kun davomida o‘zingizni holsiz his qilyapsiz — bu stress. Yoki biror kasallika shubha qilib, shifoxonada tegishli tekshiruvlardan o‘tdingiz. Natijalarni kutar ekansiz, beixtiyor “Tahlillarimning javobi yomon chiqsa-chi?”, degan salbiy o‘y-hayollarga borasiz — bu ham stress. Yana bir misol: tasavvur qiling, ortingizdan it quvlayapti yoki shunchaki shu holat yuz berishi mumkinligini o‘ylaganingiz tufayli sizni birdan vahima, qo‘rquv bosdi — ikkala holatda ham organizmda bir xil o‘zgarishlar yuz beradi. Aslida har qanday hodisa, hox u hayotingizdagi eng quvonchli onlardan biri bo‘lsin, hoh ortingizdan it quvlasin, organizmda stress bilan boshlanadi.
Stress paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillardan biri noaniqlikdir. Bu ikki jihat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, kelajakda sizni nimalar kutayotgani noma’lum va bu sizni tashvishga soladi. Bu ham stress paydo bo‘lishiga olib keladi. Qisqa qilib aytganda, sizga aloqador bo‘lgan voqelikni boshqara olmasangiz, uning qanday yakun topishi noaniq bo‘lsa, miya turli ssenariylarni tahlil qilib, organizmda stress zanjirini ishga tushiradi.
— Ayting-chi, stress paytida inson organizmida nimalar kechadi?
— Bu holatda qanday o‘zgarishlar ro‘y berishini to‘liq tushinish uchun asab tizimining ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tish lozim.
Asab
tizimi ikki asosiy qismga bo‘linadi — markaziy va periferik. Periferik asab tizimi, o‘z navbatida, yana ikkiga bo‘linadi — somatik va vegetativ. Birinchisini to‘liq boshqarishimiz mumkin. Masalan, qo‘lingizni ko‘tarmoqchi bo‘lsangiz yoki boshqa xatti-harakatni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, somatik asab tizimi miyaga tegishli impuls yuboradi.
Vegetativ asab tizimi esa avtomatik ravishda ishlaydi, uni boshqara olmaymiz. U organlarning ishlashini ta’minlash, gomeostaz, ya’ni organizmning ichki muvozanatini saqlash, insonning atrof-muhitdagi o‘zgarishlarga moslashishiga javob beradi. Stressni ham aynan shu tizim ishga tushiradi. Bunda stress gormoni, ya’ni kortizol va adrenalin ishlab chiqariladi. Stress his qilayotgan inson, eng avvalo, ehtimoliy xavf darajasini baholaydi. Unda yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ko‘tariladi, bronxlar kengayib, ovqat hazm qilinishi sekinlashadi, inson ko‘p terlaydi, diqqat kuchayadi.
— Stress qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?
— Tan olish kerak, stressning foydali jihatlari ham bor. Sababi, bu himoya mexanizmi bizga inqirozli, ekstremal vaziyatlarda omon qolishga yordam beradi. Biroq bu holat doimiy ravishda ro‘y berishi organizmga jiddiy zarar yetkazadi. Xususan, yurak-qon tomir tizimiga yuklama ortadi, hujayrlarning qarishi tezlashadi, — deydi mutaxassis.
Qolaversa, doimiy stress insonning immun tizimini zafilashtiradi. Buning oqibatida esa “uxlab yotgan” kasalliklar qo‘zg‘aladi, mavjudlari esa kuchayadi. Stress gormonlarining betartib ishlab chiqarilishi qandli diabet rivojlanishi, yuzda toshmalar paydo bo‘lishi, soch to‘kilishi, keskin ozib ketish, oshqozon yarasi va boshqa jiddiy patologiyalarga olib kelishi mumkin.
Bundan ko‘rinib turibdiki, stress ko‘pchilik o‘ylagandek ruhiy holatga emas, balki turli fiziologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan reaksiyadir.
— Stressdan qutilish uchun nimalarga amal qilish kerak?
— Birinchi navbatda, inson stressning asl mohiyatini anglashi, ya’ni uni ko‘zg‘atuvchi omillarni aniqlab, ularning oldini olishi kerak. Stressli vaziyatga tushib qolsangiz, vahima bosishiga yo‘l qo‘ymang, chuqur nafas olib, tinchlanishga harakat qiling.
Bundan tashqari, muntazam jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Sababi jismoniy faollik “baxt” gormonlari ishlab chiqarilishiga yordam beradi va insonning kayfiyatini ko‘taradi.
Stressning oldini olishda sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish, ya’ni foydali vitamin va minerallarga boy bo‘lgan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish ham muhim rol o‘ynaydi.
Agar stressdan mustaqil ravishda qutila olmasangiz, yordam so‘rab yaqinlaringiz yoki shifokorga murojaat qilishdan tortinmang.