— O‘ng qovurg‘am ostida og‘riq sezaman. Yaqinlarim: «O‘t qopingizda tosh borga o‘xshaydi, ultratovush ko‘rigidan o‘ting», deb maslahat bermoqda. Aslida o‘t qopidagi tosh qanday va qayerdan paydo bo‘ladi? Bunga sabab nima?
— O‘t pufagi jigar ishlab chiqargan suyuqlikning qopga joylangani bo‘lib, ovqatlanish vaqtida o‘t suyuqligini o‘n ikki barmoqli ichakka haydab berish vazifasini o‘taydi, — deydi, Milliy tibbiyot markazi jarrohi Bexzod Mamirov.
— O‘t suyuqligi ovqat hazmiga yordam beradi. Odam uzoq vaqt och yursa, o‘t dimlanadi. Davomli quyuq ovqat iste’mol qilinsa, o‘t qopidagi safro quyuqlashib, kristallar hosil bo‘ladi.
O‘t pufagida tosh o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Juda och yurib, keyin birdaniga to‘yib ovqatlanish, xamirli, yog‘li, achchiq va shirin taomlarni ko‘p iste’mol qilish, kamharakatlilik, asabiylashish, qorin dam bo‘lishi, qabziyat natijasida o‘t dimlanib qolib, o‘t-tosh kasalligiga olib keladi.
O‘t pufagi dimlanganining birinchi belgisi bu — ovqatlangandan so‘ng o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, nahorda og‘iz bo‘shlig‘ida taxirlik sezilishi va holsizlikdir. Agar bunga e’tibor qilinmasa, toshlar paydo bo‘ladi. O‘t qopi o‘tkir va tez-tez qaytalanuvchi surunkali toshli xoletsistitda, o‘t pufagi istisqosida, o‘t pufagi o‘smasi aniqlangan holatlarda olib tashlanadi. O‘shanda uning vazifasini o‘t yo‘llari bajaradi.
Bunda ovqat hazm qilishda biroz o‘zgarishlar kuzatiladi. Shu sababli muntazam parhez buyuriladi. Aslida o‘t qopidagi tosh deyarli sezilmaydi, ammo u harakatlanib o‘t yo‘liga tiqilib qolsa, juda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi.
Kasal odam o‘zining o‘t pufagida tosh borligini uzoq vaqt bilmay yurishi mumkin. Lekin toshlar ko‘pincha bu a’zolarning yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi, o‘t yo‘liga tiqilib qoladi. Bunda qaytalanadigan og‘riq paydo bo‘lib, bir necha soatlab davom etadi. Tosh tiqilib qolganida o‘t (safro) badanga surilib, badan sarg‘ayadi. Gohida o‘t pufagi yorilishi ham mumkin. Shu sababli o‘t pufagida og‘irlik sezgan zahoti shifokorga murojaat etish zarur. Chunki ultratovush tekshiruvi aniq tashxis qo‘yish imkonini beradi. Avvalo, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim.
Uy sharoitida esa o‘t-tosh kasalligi bilan og‘riganlar oz-ozdan, tez-tez ovqatlanishi, go‘shtni qaynatib yoki bug‘da pishirib iste’mol qilishi, lavlagi, rediska va boshqalarni qirib yeyishi tavsiya etiladi. Sho‘r, achchiq, o‘tkir, shirin, yog‘li taomlar, spirtli ichimliklar, tamaki mumkin emas.
Umumiy sog‘lomlashtirish gimnastikasi bilan shug‘ullanib turish, ichakning ravon bo‘shalib turishiga e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Tosh paydo bo‘lganida o‘t haydovchi giyohlar, dorilar mumkin emas. Chunki ular toshni qo‘zg‘atib, kuchli og‘riq paydo qiladi. Biroq tosh paydo bo‘lishidan oldin jo‘xori popugi, na’matak, o‘lmaso‘t, gazandao‘t, dastarbosh, ayir, makkai sano, moychechak damlamalarini ichib turish kerak. A’zoning harakatsizlik holatini tog‘ rayhoni, dalachoy, yalpiz yo‘q qiladi.