in

Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?

Avitaminoz keng tarqalgan holat bo‘lib, ayniqsa, kuz va qish faslida vitamin yetishmasligi har qachongidan ham ko‘ra dolzarb muammoga aylanadi. Vitamin tanqisligi atrof-muhit omillari ta’siri va noto‘g‘ri ovqatlanish natijasida yuzaga keladi. Ushbu maqolada organizmda aynan qaysi turdagi vitaminlar kamligini aniqlashga yordam beradigan tashqi belgilar haqida ma’lumot

beramiz

.

A vitamini

A vitamini tanqisligi tufayli teri quruqlashadi, ko‘zlar tunda yaxshi ko‘rmaydi. Tananing turli infeksiyalarga bo‘lgan sezgirligi oshadi.

B vitamini guruhi

Tiamin (B1) moddasi yetishmaganda charchoq, xayolning chalkashligi va asab tizimida muammolar kuzatiladi. Riboflavin (B2) tanqisligi natijasida og‘iz bo‘shlig‘ida noma’lum yaralar paydo bo‘ladi, lablar yoriladi va ko‘zlarning yorug‘likka bo‘lgan sezgirligi oshadi. Niatsin (vitamin B3) moddasining yetishmovchiligi terida toshma, diareya va umumiy zaiflikka olib keladi.

C vitamini

C vitamini yetishmasligi immunitetni zaiflashtiradi, yuqumli kasalliklarga chalinish moyilligi oshadi, milklar tez-tez qonaydi va ochiq yaralarning bitishi juda qiyin bo‘ladi.

D vitamini

D vitamini tanqisligida suyaklar mo‘rtlashadi va bo‘g‘imlarda og‘riq paydo bo‘ladi. Bolalarda ushbu vitaminning yetishmasligi suyaklar deformatsiyasi va yumshoq bo‘lishiga olib keladigan raxit kasalligini keltirib chiqaradi.

E vitamini

E vitamini yetishmovchiligi hujayralar va nerv tolalarining shikastlanishiga olib keladi. Shuningdek, organizmda E vitamini kamayganda yurak xastaligi va boshqa organlar bilan bog‘liq surunkali kasalliklarning rivojlanish xavfini oshadi.

K vitamini

K vitamini kamayganda tanada yengil ko‘karishlar paydo bo‘ladi, qon ketish xavfi oshadi va suyaklar zaiflashadi. Buning natijasida osteoporoz kasalligining rivojlanish xavfi ham ortadi.

Organizmda aynan qaysi turdagi vitamin kamayganini aniqlash uchun shifokorlar qon yoki peshob tahlilini buyuradi va chiqqan natijalarga asoslanib kerakli miqdordagi vitamin preparatlari qabul qilinadi. Shu bilan birga shifokor bemorga ovqatlanish tartibini o‘zgartirish va maxsus qo‘shimcha diyetani tavsiya qilishi mumkin.

Avitaminoz yuzaga kelmasligi uchun mutaxassislar ratsionga vitaminlar va minerallarga boy bo‘lgan turli xil meva, sabzavot va to‘liq donli mahsulotlarni kiritishni maslahat beradi. Bunda tananing individual ehtiyojlarini hisobga olish va parhezshunos yoki shifokor bilan maslahatlashish zarar qilmaydi. Shifokor tavsiya etmagan qo‘shimchalarni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lishni unutmaslik lozim.

Sog‘liqdagi har qanday o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va tibbiy yordamga murojaat qilish orqali jiddiy asoratlarga olib keladigan kasalliklarning oldini olish mumkin.

Mavzuga oid yangiliklar