in

Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish… Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?

Nevrologiyaning dolzarb masalalari, asab kasalliklarining oldini olish borasida Milliy tibbiyot markazi nevropatologi Dilyaram Toirovaning ma’lumotlari bilan mazkur maqola orqali tanishishingiz mumkin.

— Nevrologiya tibbiyotning eng murakkab va qiziqarli sohalaridan biri, zamonaviy tibbiyotda uning qanday yo‘nalishlari bor?

— Nevrologiya tibbiyotning boshqa yo‘nalishlariga qaraganda nihoyatda keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Ya’ni, bu soha insonning asab tizimi va uning faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklarni aniqlab, davolashga ixtisoslashgan bir necha bo‘limlarga bo‘linadi.

Masalan, miya qon-tomir xastaliklarini o‘rganadigan angionevrologiya sohasi, epileptologiya, vegetativ asab tizimi kasalliklarini aniqlash va davolashga yo‘naltirilgan vegetologiya, shuningdek, neyrogenetika kabi muhim tarmoqlarga bo‘lingan. Bundan tashqari, ichki kasalliklar tufayli kelib chiqadigan asab xastaliklarini o‘rganish va uni davolash ham nevrologiyaning muhim tarkibiy qismidir.

Shunisi quvonarliki, jahon miqyosida nevrologiya yo‘nalishlari bo‘yicha qanday yutuqlar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi mamlakatimiz tibbiyotiga ham joriy etilgan.

Insultning oldini olish maqsadida endovaskulyar texnologiyalar yordamida miya qon-tomirining toraygan joyiga kateter orqali kirib stent qo‘yish amaliyoti, bir qator nevrologik kasalliklarni konservativ, ya’ni dori-darmon bilan davolash bo‘yicha qo‘llanilayotgan yangicha uslublar shular jumlasidandir.

Tibbiyotimizdagi bunday muvaffaqiyatlar xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlash, aholining umr ko‘rish ko‘rsatkichini uzaytirishga zamin yaratayotgani bilan qadrlidir.

— Ko‘pchilik bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladi. Ammo buning sabablari turlicha bo‘lib chiqadi. Umuman bosh og‘rig‘i qanday kasalliklarning alomati bo‘lishi mumkin?

— Bosh og‘rig‘ining 13 guruhga mansub turi mavjud. Ularning ichida eng ko‘p uchraydigani migren, klaster sefalgiya va zo‘riqish tufayli kelib chiqadigan bosh og‘rig‘idir. Agar bemor bosh og‘rig‘idan shikoyat qilsa, bu holat birinchi martami yoki ilgari ham bo‘lganmi, shuni aniqlash kerak.

Misol uchun, bosh og‘rig‘i har safar bir xil alomatlar bilan o‘tsa, va qisqa vaqt oralig‘ida besh martadan ko‘p qaytalansa, bu migrendan dalolat bo‘lishi mumkin. Lekin kuchli bosh og‘rig‘i bemor hayotida birinchi marotaba ro‘y bergan bo‘lsa, zudlik bilan nevrolog ko‘rigini tashkil qilish zarur.

Umuman, bosh og‘rig‘ining tez-tez qaytalanishi biror kasallik belgisi ekanligi ehtimoldan xoli emas.

Bunday bemorlarni umumiy amaliyot shifokori yoki nevrolog ko‘rigiga jalb etish, xastalik sababini o‘z vaqtida aniqlash kerak. E’tiborlisi, mamlakatimiz tibbiyotida bunday kasalliklarni tashxislash va samarali davolash bo‘yicha hamma imkoniyat mavjud. Tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat va respublika miqyosidagi, qolaversa, xususiy tibbiyot muassasalarida asab xastaliklarini aniqlash borasida jahon tibbiyotining eng ilg‘or texnologiyalari — kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, UTT, dopplerografiya, EEG kabi asbob-uskunalaridan samarali foydalanilmoqda.