Insultning belgilari, paydo bo‘lish sabablari, insultga olib keluvchi xavfli holatlar va uning davosi haqida Milliy tibbiyot markazi nevropatologi Abdunosir Usmanov ma’lumotlari.
Insult – bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi natijasida miya to‘qimasining shikastlanishidir. Insultning ikki asosiy gemorragik va ishemik turlari bor. Gemorragik insultda bosh miya to‘qimasiga qon qo‘yiladi. Ishemik insultda esa bosh miyani ozuqa bilan ta’minlovchi asosiy qon tomirlari tromboz (berkilish)ga uchraydi. Yoki mayda tomir tarmoqlarida spazm rivojlanadi.
Insultga olib keluvchi xavfli holatlar
Insult rivojlanishining xavfini oshiruvchi jihatlar:
• arterial gipertenziya yoki stenokardiya
• Nasl suruvchi salbiy irsiyat (qarindosh-urug‘lardan birontasi insult yo miokard infarktga yo‘liqqan bo‘lsa);
• Chekish yoki alkogolni suiiste’mol qilish (chekish insult ehtimolligini kuchaytiradi). Chekishni tashlagandan keyin insult xavfi pasayadi va 5 yildan so‘ng bemor chekmaydigan odamday bo‘lib qoladi;
• Bemor 50-60 yoshdan oshgan bo‘lsa;
• Qandli diabet;
• Miokard infarktiga yo‘liqqanlar, bosh miya qon aylanishining surunkali buzilishi belgilari (xotira pasayishi, uyqu buzilishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, boshdagi shovqin, ko‘zning xiralashishi, tananing yarmidagi uvishishlar) yoki insult o‘tkazgan bemorlar;
• Tez-tez asabiylashish;
• Aritmiya yoki tromblar hosil bo‘lishiga moyillik (qonning ortiq darajada quyulishi).
Insult kasalligi belgilari
• Sezgining to‘satdan buzilishi: yuz, qo‘l va oyoqlarda xususan tananing yarmida uvishish va kamquvvatlik paydo bo‘lishi.
• To‘satdan tildan qolish yoki so‘zlarni aytish yo tushunishda, matnni o‘qishda qiynalish.
• Bir yoki ikki ko‘zning keskin yomon ko‘ra boshlashi.
• Birdaniga harakat mo‘ljalining buzilishi (chayqalib yurish), keskin bosh aylanishi.
• O‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, anglab bo‘lmaydigan bosh og‘rig‘i, qusish.
Gemorragik insultda barcha belgilar ishemik insultdagiga qaraganda ancha yaqqol ko‘rinib turadi. Bundan tashqari, gemorragik insultda bemor qusadi, yuzi qizaradi, uyquchan bo‘ladi, ensa mushaklarida spazm ro‘y beradi, ko‘z to‘r pardasiga qon quyiladi, kasallik birdan boshlanib, avj oladi.
Ishemik insult, odatda, asta-sekin rivojlanadi. Ishemik insultda o‘tkinchi, miya qon aylanishining buzilishi nuqsonlari bir necha oy, yil oldin paydo bo‘ladi. Ular insult belgilariga o‘xshaydi, biroq bir necha daqiqada, kamdan-kam hollarda bir necha soat mobaynida (24 soatgacha) davom etishi bilan farq qiladi. Ko‘pincha bu simptomlar tezda o‘tib ketadi va miya faoliyati tezda tiklanadi. Lekin bunday tiklanishlarga ishonmaslik kerak ishemik kasallik, yillar davomida surunkali ravishda miya to‘qimalarini yemirib boradi. Kishi o‘zida qo‘yidagi noxush belgilarni sezsa, kechga qoldirmasdan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.Ishemik insultning alomatlari:
• Qo‘l va oyoqlarda o‘tkinchi zaifligi yoki epga kelmaslik, “ertalabki garangsirash” ko‘rinishida, xuddi oyoq-qo‘llar uvishib qolgandek namoyon bo‘ladi.
• Qisqa vaqtga tildan qolish yoki xotirani yo‘qotish holatlari yuz beradi.
• Bosh aylanadi, ong zaiflashib, ko‘z ko‘rmay qolishi yoki narsalar ko‘zga qo‘shaloq bo‘lib ko‘rina boshlaydi.
• Yurganda gavda chayqalib ketishi, oyoqni sudrab bosishi mumkin.
Shifokorga qachon murojaat qilish kerak?Imkon qadar 50-60 yoshli kishilar vaqti-vaqti bilan vrach ko‘rigidan o‘tishi lozim. Insult alomatlari namoyon bo‘lganda tekshirish uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Bordi-yu, rostdan ham insult huruj qilgan bo‘lsa, zudlik bilan bemorni shifoxonaga yetqazish lozim. Chunki miya ishemiyasi va qon quyilishi oqibatlarini faqat dastlabki soatlardagina to‘xtatib, bemorni saqlab qolish mumkin.
Insult xurujida birinchi yordam
Insultda birinchi yordam. Eng avvalo bemorni karavotga qulay yotqizish kerak va nafas olishni qiyinlashtiruvchi kiyim tugmalarini yechib, havo oqimi bilan ta’minlashni yaxshilash zarur. Og‘zidan, yasama tish (protez) lari bo‘lsa, ularni yechib olib qo‘yish, agar qusgan bo‘lsa, og‘iz bo‘shlig‘ini tozalab, qusuqni chiqarib tashlash kerak. Bo‘ynini qayrilib, umurtqa arteriyalariga qon kelishi qiyinlashmasligi uchun boshi va yelkalariga yostiq qo‘yish lozim. Kasallik xurujining dastlabki daqiqa va soatlari eng qimmatli sanaladi, aynan shu vaqtda ko‘rsatilgan tibbiy yordam eng samarali bo‘lishi mumkin. Bu paytda eng muximi iloji boricha tezlik bilan bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishidir. Qanchalik tez yordam olinsa keyinchalik kasallik oqibati shunchalik yengilroq bo‘ladi. Shularni xisobga olib bemorni tezroq shifoxonaga yetkazish chorasini ko‘rish kerak.
Insult kasalligi davosi. Bemor xurujdan so‘ng tuzalib ketadimi?
Muolaja uzoq vaqt davom etadi. Davolash o‘z ichiga faqat dori terapiyasini emas balki, parhez, bemor parvarishi, gimnastik mashqlarni ham o‘z ichiga oladi. Dorilar bosh miyada qon aylanishini va miyadagi moddalar almashinuv jarayonlarini yaxshilaydi. Parhez ovqatlar, miya faoliyatini yaxshilovchi mashqlar ham, yoki reabilitatsiyadan ham foydalaniladi.
Bemorlar bevosita insultdan kam halok bo‘ladilar, aksincha, uning asoratlaridan ko‘proq vafot etadilar turg‘un o‘pka shamollashi va uzoq yotish oqibatida. Buning oldini olish uchun yotgan bemorga muttasil g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, uni parvarishlab turmoq kerak. Uni goh u, goh bu tomoniga ag‘darib, ko‘rpa-choyshablarning qatlanib qolishidan xabardor bo‘lib turish kerak. Choyshablar toza va quruq bo‘lmog‘i lozim. Bemorni to‘g‘ri ovqatlantirish, katta va kichik hojatlaridan ogoh bo‘lib turish shart. Zarur bo‘lganda huqna (klizma) qilinadi, ko‘krak qafasi uqalanadi.
Parhez. Og‘ir ahvolda bo‘lganiga qaramay, insultdan keyin birinchi kundanoq, goho ikkinchi kundan bemorga ovqat beriladi. Birinchi ovqat berilganda bemor uni yuta oladimi, yo‘qmi, tekshirish choy qoshiqda sovuq suv tutib, uni yutishni iltimos qilish kerak. Bemor suvni oson yutib, o‘xchimasa, iliq va suyuq ovqat beraverish mumkin.
Aql-hushi joyida va yutish (ovqatlanish) faoliyati buzilmagan bemorlar dastlabki 2–3 kunda suyuq sho‘rva suvi, meva sharbatlari, keyin esa yumshoq yoki qirilgan quyuq ovqat iste’mol qilsa bo‘ladi. Yutishi og‘ir bo‘lsa, ovqatni bo‘tqasimon ko‘rinishga keltirish kerak. Maxsus parhez masalliqlaridan va suv ichirgich orqali bolalarga mo‘ljallangan ovqatlardan, suyuq ozuqalardan berish maqsadga muvofiqdir.
Ovqat iliq, totli va to‘yimli bo‘lishi kerak. Bemorni ehtiyotkorlik bilan kichik qoshiqda oz-ozdan, unda dam oldirib ovqatlantiriladi. Ovqatning nafas yo‘llariga ketib qolishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Goho bemor yeb-ichishdan bosh tortadi. Bunday holga bosh miyaning ishtaha va chanqoqlikka javob beruvchi ayrim qismlarining shikastlanishi sabab bo‘ladi. Ruhiy hayajon, siqilish ham ishtahaga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bunday holda bemorni tinchlantirish, tasalli berish va bemorga yaxshi ovqatlanish muhimligini tushuntirgan ma’qul.
Mavzuga oid yangiliklar