in

Grippni davolashning qanday samarali usullari bor?

Gripp — nafas yo‘llarida vujudga keladigan yuqumli kasallik bo‘lib, uni viruslar keltirib chiqaradi. Gripp bo‘lganda burun, tomoq va ba’zi hollarda o‘pka zararlanadi. Gripp yengil yoki og‘ir shakllarda o‘tishi mumkin, ayrim hollarda ushbu xastalik o‘limga ham olib keladi.

O‘zbekistonda gripp mavsumi oktyabr noyabr oylarida boshlanadi va fevral oyida eng yuqori cho‘qqisiga yetadi. Umuman olganda har qanday turdagi grippni yilning istalgan faslida yuqtirib olish ehtimoli bor. Har yili dunyo bo‘ylab gripp kasalligining 1 milliardga yaqin holati qayd etiladi, ulardan 3-5 millioni og‘ir formada kechadi.

Gripp qayerdan paydo bo‘ladi?

Gripp qo‘zg‘atuvchisi havo tomchilari orqali tarqaladigan virus bo‘lib, kasallangan odam yo‘talganda, aksirganda yoki so‘zlashganda havoga tarqaladigan zarralar orqali yuqadi.

Gripp yuqish yo‘llari

Yo‘talayotgan, aksirayotgan yoki gaplashayotgan kasal odamning yonida turganda burun yoki og‘iz bo‘shlig‘i orqali infeksiya kirishi mumkin.

Sog‘lom ko‘ringan va hech qanday kasallik alomati bo‘lmagan odamning yonida turish orqali ham gripp yuqishi mumkin, chunki virus tanaga kirgandan keyingi dastlabki kunlardan to tuzalguncha o‘rtacha 5-7 kungacha yuqumli hisoblanadi.

Kasallangan odamning qo‘llariga yoki yuziga tegish, so‘ng yuvilmagan qo‘llar bilan o‘z yuzingizga tegish ham grippni yuqtiradi.

Avval gripp virusi zarralari eshik tutqichlari, stol, kompyuter va telefon kabi yuzalarda bo‘ladi, so‘ng qo‘llar orqali infeksiya organizmga tushadi.

Gripp qanday paydo bo‘ladi va rivojlanadi?

Grippning virusi avval yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi, keyin organizm bo‘ylab tarqala boshlaydi, so‘ng hujayralarni shikastlaydi. Grippning inkubatsion davri infeksiya yuqqandan to birinchi alomatlar paydo bo‘lishigacha bo‘lgan vaqt (2-4 kun) hisoblanadi.

Grippning qanday turlari mavjud?

Gripp virusi doimo mutatsiyaga uchrab, o‘zining yangi shakllarni hosil qiladi. Bugungi kunda grippning to‘rtta asosiy turi mavjud:

A gripp

: tez o‘zgaradi, mavsumiy epidemiyalarni va hatto pandemiyani keltirib chiqaradi.

B gripp

: bu turdagi gripp ham mavsumiy epidemiyalarni keltirib chiqaradi, ammo u A grippiga qaraganda kamroq mutatsiyaga uchraydi.

C gripp

: kasallik kamdan kam tarqaladi va epidemiyalarga sabab bo‘lmaydi, ammo bu turdagi gripp yosh bolalarda og‘ir o‘tadi.

D gripp

: qoramollarga yuqadi va odamlarga ta’siri yo‘q.

Grippning belgilari

Grippning belgilari har bir kishida individual kechadi, ammo umumiy alomatlar quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi:

Yuqori tana harorati. Asosan 2-5 kun davom etadi, harorat 37,8 ° C dan yuqori bo‘ladi.

Bosh og‘rig‘i, mushak va bo‘g‘imlardagi spazmlar. Bu grippning umumiy belgilari bo‘lib, boshqa turdagi shamollashdan ko‘ra kuchli kechishi bilan farq qiladi. Ba’zi bemorlarda ko‘z atrofi og‘riydi va yorug‘likdan qo‘rquv yuzaga keladi.

Charchoq. Grippning asosiy belgilari ortda qolgandan keyin zaiflik va umumiy charchoq bir necha hafta davom etishi mumkin.

Yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va burun oqishi. Bu belgilar isitma va mushakdagi og‘riqlarga qaraganda yengilroq kechadi.

Gripp tashxisi qanday qo‘yiladi?

Gripp diagnostikasi shifokorni tekshiruvi va bemorni so‘roq qilishdan iborat. Kasallik mavsumi avjida bu usul yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo boshqa paytlarda turli xil respirator viruslar, masalan, koronavirus va rinovirus grippga o‘xshash kasalliklarni istisno qilish uchun tibbiy tahlil buyurilishi mumkin.Tashxisni tasdiqlash uchun nafas yo‘llaridan namunalar olinadi va laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Grippni qanday davolash lozim?

Aksariyat hollarda maxsus davolash talab etilmaydi va bemorlar 7-10 kun ichida hech qanday davolanishsiz tuzalib ketadi. Ammo gripp alomatlarini yengillashtirish uchun:

– Ko‘proq dam olish;

– Suvsizlanish va intoksikatsiyani oldini olish uchun ko‘proq suyuqlik ichish;

– Isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘ini qoldirish uchun ibuprofen yoki paratsetamol kabi vositalarni qabul qilish;

– Shifokor retsepti bo‘yicha viruslarga qarshi preparatni qabul qilish mumkin.

Samaradorlikka davolash boshlanishida kasallik belgilari paydo bo‘lgandan keyingi dastlabki 48 soatda erishiladi. Shuni yodda tutish kerakki, gripp virusining ushbu dorilarga nisbatan qarshiligi allaqachon mavjud va shuning uchun uni davolashdan ko‘ra kasallikning oldini olish bilan shug‘ullanish yaxshiroqdir.

Hech qanday immunostimulyator va immunomodulyatorning grippni davolash bilan aloqasi yo‘q. Ularning na samaradorligi, na xavfsizligi tegishli tadqiqotlarda isbotlanmagan. Antibiotiklardan esa asoratlanmagan grippni davolashda foydalanmaslik kerak, chunki antibiotiklar virus bilan emas, balki bakteriyalar bilan kurashadi.

Gripp kasalligi qanday holatda og‘irlashishi mumkin?

Odatda gripp asoratlarsiz o‘tadi, lekin ba’zi holatlarda boshqa kasalliklarga yo‘l ochishi mumkin:

– quloq infeksiyalari;

– nafas yetishmovchiligi;

– o‘pkaning yallig‘lanishi (pnevmoniya), yurak yallig‘lanishi (miozit), miya yallig‘lanishi (ensefalit), mushaklar yallig‘lanishi (rabdomioliz);

– biror organ yetishmovchiligi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili gripp yuqtirgan 5 milliongacha odam kasallikning murakkab shakliga duch keladi va ayrim hollarda hatto vafot etadi.

Qachon shifokorga murojaat etish kerak?

Agar bolalarda yoki yoshi kattalarda quyidagi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish lozim:

– nafas olish qiyinlashsa yoki nafas qisilsa;

– ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘lsa;

– bosh aylanishi to‘xtamasa;

– titroq paydo bo‘lsa;

– dorilar ichilganda ham yuqori harorat tushmasa;

– umumiy ahvol yomonlashsa;

– kuchli zaiflik yoki mushaklarda og‘riq to‘xtamasa.

Lablar atrofi ko‘karishi va suvsizlanish alomatlari vujudga kelishi bolalarda xavfli belgilar hisoblanadi.

Gripp profilaktikasi

Ammo profilaktikaning eng samarali usuli vaksinatsiyadir. Grippga qarshi emlash samarali va xavfsizdir; 60 yildan ortiq vaqt davomida ko‘plab mamlakatlarda qo‘llanishda. Katta yoshdagi aholini emlash kasallik, ishdan mahrum bo‘lish va yaqinlarga yuqtirishdan saqlanish uchun tavsiya etilishi mumkin. Ammo emlanishi juda zarur bo‘lgan aholi guruhlari mavjudki, ularda asoratlar rivojlanishi tahlikasi yoki yuqtirish xavfi juda yuqori.

Emlash mumkin bo‘lmagan holatlar ham mavjud, ammo ular ko‘p emas:

6 oylikdan kichik chaqaloqlar;

Oldingi vaksina yoki uning tarkibiy qismlariga nisbatan kuchli allergik reaksiyalar (agar sizda biror-bir dori yoki oziq-ovqat mahsulotiga qattiq allergik reaksiya yuzaga kelgan bo‘lsa, vaksinani tanlashda shifokor bilan maslahatlashishni unutmang);

Surunkali kasalligi bor bemorlar;

Homiladorlik va laktatsiya davri emlash man qilingan holat hisoblanmaydi. Zamonaviy vaksinalar tarkibida homiladorlik paytida homilaga yoki laktatsiya davrida bolaga zarar yetkazuvchi viruslar mavjud emas. Aksincha, homiladorlik paytida og‘ir turdagi kasallanish yoki yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yuqishining oldini olish uchun onani himoyalash muhimdir.

Mavzuga oid yangiliklar