in

Grippga chalingan odam uni qancha vaqt davomida boshqalarga yuqtiradi?

Foto: Shutterstock

Ko‘pchilik grippni bir necha kun tomoq og‘rishi, isitma va yo‘tal bilan kechadigan oddiy noxushlik deb hisoblaydi. Ammo yosh bolalar, keksalar va aholining boshqa guruhlari uchun bu kasallik halokatli oqibatlarga olib kelishi

mumkin

. Natijada, dunyoda mavsumiy grippdan har yili 300 mingdan 600 minggacha odam vafot etmoqda.

Kasalxonaga yotqizishlar, og‘ir holatlar va o‘limlar sonini kamaytirish uchun infeksiyani boshqalarga yuqtirmaslik kerak, degan nazariya mavjud. Lekin savol tug‘iladi: kasal odam qancha vaqt davomida boshqalar uchun xavfli?

Umuman olganda, agar sizda grippdan keyin bir sutka davomida hech qanday belgilar bo‘lmasa, shu paytdan atrofdagilar uchun butunlay xavfsizga aylanasiz. Biroq kishining qancha vaqt kasallik tashishi mumkinligi haqida ba’zi nozik jihatlar mavjud. Bundan tashqari, virusning qanday tarqalishi to‘g‘risidagi bahslar hali ham davom etmoqda

”, — deydi Donald Milton, Merilend universiteti jamoat salomatligi maktabining atrof-muhit gigiyenasi professori.

Gripp qanday tarqaladi va qancha vaqt davomida yuqumli bo‘ladi?

Nafas yo‘llari kasalliklari uchta asosiy yo‘l bilan tarqaladi. Birinchidan, kasal odamlar tekkan yuzalar orqali. Ikkinchidan, yo‘tal va aksirish paytida kattaroq tomchilar ko‘rinishida. Uchinchidan esa nafas olish jarayonida. Ushbu maqolada ko‘proq oxirgi ikki usul nazarda tutiladi.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining xabar berishicha, gripp yuqqan bemorlar, ayniqsa, kasallik belgilari paydo bo‘lganidan keyingi dastlabki uch kun mobaynida juda xavfli bo‘ladi. Aynan shu davrda ular o‘zlaridan eng ko‘p miqdorda virus “ajratadi”. Shundan so‘ng kasallikni yuqtirish ehtimolligi pasayadi, biroq katta yoshdagi odamlar besh-yetti kungacha xavfli bo‘lib qolaveradi.

Immunitet pasayishi yoki qandli diabet kabi ma’lum kasalliklarga chalingan odamlar bilan bog‘liq holat undan ham yomonroq. Ularga infeksiya bilan kurashish uchun ko‘proq vaqt kerak, shu sababli ular uzoqroq vaqt davomida tashuvchi bo‘lib qoladi. Ammo eng yomon holat — bolalarda kuzatiladi. Ularda virusga qarshi kurashda katta tajriba yo‘qligi uchun bir-ikki haftadan ko‘proq vaqt mobaynida faol tashuvchi bo‘lib qoladi.

Gripp turlari yildan yilga o‘zgarib bormoqda, shu sababli ba’zi mavsumlarda kasallikning yuqumlilik darajasi yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Aynan shu bois vaqti-vaqti bilan yangidan emlanishingiz kerak. Biroq hozirgi kunda olimlar oldida turgan asosiy ish odamlarning virusdan halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Kasallikning boshqalarga yuqish ehtimolini qanday kamaytirish esa ikkinchi darajali masala hisoblanmoqda.

Hozirgi vaksinalar aholini kasallikdan himoya qilish uchun juda ko‘p ish qilayotgandek tuyuladi. Asosan, ular o‘limning oldini oladi va kasalxonaga tushishga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo virusning tarqalishini yetarlicha to‘xtata olmasligi mumkin. Bu olimlar oldidagi juda katta muammo

”, — dedi Milton.

Gripp yuqishini oldini olishning eng muammoli tomoni — bu simptomlar paydo bo‘lishidan oldingi faol bosqichdir. Aynan shu sababli koronavirus kabi nafas yo‘llari kasalliklarini nazorat qilish juda mushkul hisoblanadi. Bu ko‘zga ko‘rinmaydigan dushman bilan kurashish degani. Ammo yangi tadqiqot vaziyatni butunlay o‘zgartirishi mumkin – yaqinda olimlar virus sirtida uning tarqalishiga xizmat qiladigan oqsilni aniqladi. Biroq hozircha bu oqsilni nima qilish borasida bilimlar yetarli emas.