Maxsus qo‘shimcha vitaminlar foydalimi yoki yo‘q? Ushbu savolga javob butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarni qiziqtiradi. Dori-darmon ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyalari sotadigan turli vitamin va polivitaminlarning foydali tomonlari esa turli joylarda reklama qilinadi. Natijada marketing kampaniyalari va ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida biz ko‘pincha juda qimmat vitaminlarni sotib olamiz. Lekin ular butunlay foydasiz va hattoki zararli bo‘lishi mumkinligi haqida
o‘ylamaymiz
.
Salomatlikni tiklashga intiladigan insonlarning bunday vositalarga ishonishi mumkinmi? Mutaxassislarning aksariyati bu savolga “yo‘q” deb javob beradi. Sababini quyida ko‘rib chiqamiz.
Chaynaladigan vitaminlar
Marmelad shaklidagi chaynaladigan shirin vitaminlar o‘zining qulayligi va bolalarga berishda osonligi bilan mashhur. Biroq farmatsevtlarning fikriga ko‘ra, bunday vitaminli shirinliklar tarkibida juda ko‘p shakar mavjud, ularning har biri o‘z ichiga kamida 3-5 gramm shakarni oladi. Taqqoslash uchun: JSST kuniga 30 grammdan ko‘p shakar iste’mol qilishni tavsiya qilmaydi.
Bundan tashqari, bunday mazali vitaminlarni ortiqcha yeb qo‘yish ehtimoli yuqori. Iste’molchi bir-ikkita qo‘shimcha marmeladdan hech qanday yomon narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi, lekin ba’zi turdagi moddalar ortiqcha qabul qilinishi zaharli va xavfli bo‘lishi bilmaydi. Bu, ayniqsa, A, D, E va K vitaminlariga tegishli.
Tadqiqotchilar chaynaladigan tabletkalarni foydasiz deb topishganiga yana bir asos: ulardagi vitaminlarning tarkibi boshqa komplekslarga nisbatan ancha past bo‘ladi, chunki ishlab chiqaruvchilar uning dozasi oshirib yuborilishi mumkinligini biladi. Ammo chaynaladigan vitaminlar oddiy tabletka ko‘rinishidagi qo‘shimchalardan qimmatroq bo‘ladi.
Multivitaminlar
Ko‘pincha qo‘shimchalarga bo‘lgan ehtiyoj avvaldan noto‘g‘ri baholanadi. Ortiqcha vitaminlar esa ularning yetishmasligidan ham ko‘proq zararli bo‘lishi mumkin.
Amerikalik tadqiqotchilar multivitamin komplekslar tanaga deyarli hech qanday foyda keltirmasligini aytmoqda. Multivitaminlar yurak xastaligi yoki saraton xavfini kamaytirmaydi, qarishning oldini olmaydi yoki umrni uzaytirmaydi. Albatta, istisno holatlar mavjud. Misol uchun, homilador ayollar yoki jiddiy kasalliklardan aziyat chekadiganlarga qo‘shimcha vitaminlar buyurilishi zarur, ammo polivitaminlar o‘rniga muvozanatli ovqatlanish tartibini tatbiq etish ko‘proq samara beradi. Buning uchun kundalik taomnomaga turli sabzavot, meva va yong‘oqlarni kiritish kifoya.
Teri, soch va tirnoqlar uchun komplekslar
Turli reklamadan ilhomlanib, teri, soch va tirnoqlarning sog‘lom bo‘lishi uchun multivitaminlar qabul qilish sehrli natija berishiga kim ham ishonmaydi? Biroq shifokorlarning fikriga ko‘ra, bunday qo‘shimchalar ko‘pincha mutlaqo foydasizdir. Ular odatda xilma-xil komponentlarni o‘z ichiga oladi va birgalikda qabul qilinganda organizmda so‘rilmaydi.
Bu holatda qaysi turdagi vitamin tanqisligini qon tahlili orqali aniqlash va davolash choralarini aynan shu moddalar asosida ko‘rish lozim. Misol uchun, agar organizmda C, E vitaminlari va biotin yetishmasligi bo‘lsa, ularning o‘rnini to‘ldirish orqali teri va sochlar holatini chindan ham yaxshilash mumkin. Ammo umumiy “davolaydigan” multivitaminlar sezilarli natijalarni bermaydi va shunchaki pulingiz behuda sarflanadi.
Kollagen
Barchaga ma’lumki, kollagen moddasi teri, bo‘g‘imlar va to‘qimalar uchun muhim oqsildir. Ammo uni qo‘shimcha shaklida qabul qilish qarishni sekinlashtirishmaydi va salomatlikni tiklamaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qo‘shimchalar tarkibidagi kollagen har doim ham organizm tomonidan biz istagan shaklda so‘rilmaydi. Ya’ni, oqsilni organizm tananing ehtiyoji bor qismiga uzatadi. Shuningdek, tajribalarga ko‘ra, kollagen soch to‘kilishiga va tirnoqlarning sifatiga ta’sir qilmaydi.
Terimizdagi kollagenning ishlab chiqarilishini har qanday oqsilli taomlar yordamida rag‘batlantirish mumkin.
Xlorofil
Xlorofil barcha turdagi kasalliklarga davo sifatida ijtimoiy tarmoqlarda faol reklama qilinayotgan yangi turdagi BFQ. Aslida, uning inson tanasi uchun foydasi bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda va bu moddani qo‘shimchalar shaklida iste’mol qilish salomatlikni yaxshilamaydi.
Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, xlorofilning jigar saratoni kasalligidan himoya qilishi, gemoglobin darajasini oshirishi va anemiyani davolay olishi haqida ishonchli dalillar yo‘q. Bundan tashqari, xlorofil surunkali kasalliklarga qarshi kurashmaydi va ortiqcha vaznni yo‘qotishni kafolatlamaydi. Bu muammolarning barchasi kompleks yondashuvni: jismoniy faoliyat va sog‘lom ovqatlanishni talab qiladi. Hech qanday biologik faol qo‘shimchalar bunday kasalliklarni davolamaydi.
Mavzuga oid yangiliklar