in

Tadbirkor ayollarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

2025 yil 1 maydan ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Bu borada Prezidentning «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 103-son qarori qabul qilindi.

Shuningdek, ushbu muddatdan «Hamroh» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan xotin-qizlarga «yashil loyihalar» va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga hamda kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar «ustoz» tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash;

250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;

250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish;

50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish.

Mavzuga oid yangiliklar

//