in

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi

Senatning ikkinchi yalpi majlisida «2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun muhokama etildi.

Qayd etilishicha, 2025 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra 2025 yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Xususan, Qonunda o‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431,0 trln so‘m, xarajatlar esa 480,5 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan.

Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan bo‘lib, Davlat budjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda.

Senatorlar Qonunni muhokama qilish jarayonida budjet daromadlarini oshirishga, budjet mablag‘larini maqsadli sarflashga alohida e’tibor qaratdi va o‘z fikrlarini bildirdi.

Qonunda 2025 yil uchun Davlat budjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln so‘mni yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2025 yilda hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish hamda davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar uchun ham mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida Qonunda budjet daromadlari bazasini kengaytirish, mamlakatimizda aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarini hamda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, tabiatni asrashni rag‘batlantirish masalalariga e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid yangiliklar