O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhabbat Qurbonova nafaqat salmoqli ijodi, balki odob-axloqi bilan ham muxlislar mehrini qozongan. Qiziq, go‘zal raqqosaning tabassumi ortiga qanday dardlar yashiringan, u nimalardan armon qiladi?
“Onamga farzand ko‘rish mumkin emasdi”
—
Hayotimdagi eng go‘zal onlar bolaligim bilan bog‘liq. Otam pedagog, onam esa xoreograf bo‘lgan. Kamtarona, faqat oylikka kun ko‘radigan oilada ulg‘ayganman. Onamning aytishicha, men tug‘ilgandan so‘ng unga qayta farzandli bo‘lishni taqiqlashgan ekan. Chunki onamning yuragi xasta edi, “Tug‘ruq salomatligingizga xavf solishi mumkin”, deb ogohlantirishganiga qaramay, “Muhabbat qizimga sherik kerak”, deb singlimni dunyoga keltirgan ekan. Onam juda kichikligimizdan boshlab, raqs san’atiga qiziqtirgan, to‘garaklarga erinmay olib borardi. Dadam rahmatli esa nihoyatda qattiqqo‘l edi, maktabdagi baholarimizni hamisha nazorat qilardi. Bola bo‘lib, o‘ynab kulganimizni eslolmayman. Singlim bilan hamisha shoshib yurardik, darsdan to‘garakka, u yerdan uyga. Chunki kech qolsam dadamdan dakki eshitishimizni yaxshi bilardik. Bir kuni qorda uy kalitini yo‘qotib qo‘yganmiz. Gap eshitmaslik uchun singlim ikkimiz shunaqa izlaganmiz, eslasam haligacha kulgim keladi.
Himoyachi akam bo‘lishini hamisha orzu qilardim. Ammo singlim eng ishongan hamrohim va himoyachim edi. Usiz o‘tgan kunimni eslolmayman, hamma yerga birga borardik. Shu boisdanmi ko‘pchilik bizni egizaklar deb o‘ylardi
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Singlim bilan biznes qilmoqchi bo‘lganmiz”
—
Bolalikda moliyaviy qiyinchiliklarga ko‘p uchraganmiz. U paytda faqat bizning oilaga emas, boshqalarga ham juda qiyin edi. O‘shanda ota-onamga yordam berish uchun qo‘shnimizdan suzma olib, qurt qilib sotmoqchi bo‘lganmiz. Ammo biznesimiz o‘xshamagan.
Xoreografiya oliy maktabida o‘qiyotganimizda ko‘pchilik qizlarni darsga dadalari mashinada olib kelishardi. Biz esa avtobus yoki metroda qatnardik. O‘shanda xafa bo‘lib, bizda ham mashina bo‘lsaydi, derdim.
Ota-onam moliyaviy jihatdan qiynalishgan bo‘lsa ham bizni ta’lim olishimiz uchun yetarli sharoitlarni yaratib berishardi. Biror sahna libosi kerak bo‘lsa, yemay-ichmay bo‘lsa-da, sotib olib berishardi. Ba’zan odamlar maqtashsa, ich-ichimdan “Bu yutuqlar meniki emas, ota-onamniki, agar ular bo‘lmaganida Muhabbat va Malika yaxshi raqqosa bo‘lolmasdi”, deyman. Afsuski, ko‘rgan qiyinchiliklari evaziga ota-onamga minnatdorlik bildirolmadik, farzandlik burchimizni ado etmay ular vafot etishdi
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Yulduz Usmonovadan qo‘rqqanman”
—
Katta sahnaga chiqishim bilan bog‘liq voqealar hech qachon yodimdan chiqmaydi. O‘shanda bor yo‘g‘i 15 yoshda edim. Jamoamiz bilan Yulduz Usmonovaning konsert dasturida chiqadigan bo‘ldik. Qop-qora, ozg‘in qizaloq edim. Tanaffus paytida bir chetda tursam, qo‘llari bilan imlab “Bu yoqqa kel”, deb chaqirdi. Qo‘rqib ketdim, chunki Yulduz Usmonovaning raqsga talabchan ekanligimni yaxshi bilardim. “Biror xato qildim shekilli”, deb qo‘rqib kelsam “Yakkaxon raqs ijro etishni istaysanmi?” deb so‘radi. Bir kunda uyg‘urcha qo‘shiqqa raqs sahnalashtirib, ijro etib bergandim. Lekin eng hayajonlisi konsertda qo‘limdan ushlab, xalqqa tanishtirganlari bo‘lgan. Chunki uncha-buncha raqqosa bunday baxtga musharraf bo‘lavermasdi
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Jurnalist bo‘lmoqchi edim”
—
Bolalikdan jurnalistika sohasiga ham qiziqqanman. Ingliz tilini ham o‘rganib, xalqaro toifadagi diktor bo‘lishni orzu qilardim. Shu maqsadda ikki yil O‘zMUdagi tayyorlov kursiga qatnadim. Keyin rejalarim o‘zgarib, aktyorlik bo‘yicha o‘qishga qaror qildim.
Aktrisa sifatida qator rollarni ijro etdim. Masalan, Nabi Hoshimovning “Toptalgan gul” hikoyasi asosida suratga olingan “Zebuzar” serialida bosh rolni ijro etganimdan haligacha afsuslanmayman. O‘sha paytlarda ko‘cha-ko‘yda ayollar ko‘rib qolishsa, “Peshonang bunchalik sho‘r bo‘lmasa-ya?!”, deb achinib gapirishardi. “Qaytib bu kabi rollarni o‘ynamang”, deganlar ham bo‘lgan. Ayrimlarning “Rolingizning tarbiyaviy ahamiyati bor. Bunday obrazlarni ham kimdir o‘ynashi kerak-ku!”, degan fikrlarini eshitib, xursand bo‘lganman. Lekin rolimni o‘ynashdan cho‘chimaganman. To‘g‘ri, ba’zi sahnalarda uyalganman. Ammo aktrisa sifatida uni rad etishga yoki suratga olish jarayonida rolga nisbatan injiqlik qilishga haqqim yo‘q edi, nazarimda
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Sevgisiz oila qurganmiz”
—
Raqqosaning oila qurishi bilan bog‘liq har xil gaplar yuradi. Ammo insonning xatti-harakatlari kasbi emas, ko‘p jihatdan uning o‘ziga bog‘liq. Bolalikdan to‘kis oilam bo‘lishini, qaynona-qaynotamning xizmatida bo‘lishni orzu qilganman. Bir yigitdan sovchi kelgan, unashtirilganman. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra unashtiruv bekor qilingan. Ustozim Karima Uzoqovaning o‘g‘lining ham fotihasi bekor bo‘lgandi. Bir-birimizga dalda beramiz deb gaplashib turardik, ammo ko‘p o‘tmay munosabatlarimiz chuqurlashib ketgan. Sevib oila qurmaganmiz, ammo hamisha bir-birimizni tushunishga harakat qilganmiz. Ba’zida ustozimning gapiga farishtalar omin degan ekan deyman. Boisi, bolaligimdan “Muhabbatni o‘zim kelin qilaman”, deb ko‘p gapirardi
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Raqs oilamdan ustun emas”
—
Malika bilan dunyoqarashimiz, mehrimiz o‘xshash, biz bir xil fikrlaymiz, u o‘ylab turgan narsani men o‘ylab turgan bo‘laman, men o‘ylab turgan narsani u o‘ylab turgan bo‘ladi. Ota-onamiz bir-birimizga hurmat bilan katta qilishgan. Ular Malikaga sening opang — otang bilan onang deyishardi. Men ham farzandlarimga biz bugun bormiz, ertaga yo‘qmiz, deb aytaman. Sizlar bir-biringizga bir umr mehribon bo‘linglar”, deyman. Shuning uchun ota-onamiz bir-birimizga juda yaqin qilib o‘stirgan.
Raqqosalik kasbim, lekin hech narsa oiladan ustun bo‘la olmaydi. Ular qo‘rg‘onim, hech qachon meni tashlab ketmaydi. Kasbim tashlab ketishi, oyog‘im sinishi mumkin, faqat san’atni o‘ylab yashay olmayman, bolalarim bor, ularni oyoqqa qo‘yishim, kuchli bo‘lishim kerak.
“Hayotda armonlarim juda ko‘p”
—
Otamni yo‘qotganimda otamni, turmush o‘rtog‘imni qadrini, qiz bola farzand uchun otaning o‘rni muhimligini bilganman. Bunday holatda ona o‘zini o‘ylashi kerak emas, u farzandi uchun ham davom etishga majbur. Ota-onasi tirik insonlar — dunyodagi eng baxtli insonlardir. Ota-onangiz tirikligida pul topayotgan bo‘lsangiz hammasini shunga qarating.
Masalan, hayotda armonlarim juda ko‘p, endi oyoqqa turdim, deganimda ota-onam bu dunyodan ko‘z yumdi. Rejalarim ko‘p edi, ota-onamga katta uy olib bermoqchi edim. Ota-onam umuman o‘zini o‘ylamagan, faqat biz uchun harakat qilishar edi. Ota-onam uchun shaxsiy haydovchi yollamoqchi edim, aynan shunday paytda ular dunyodan o‘tdi
.
—
Onam yurak xuruji sabab to‘satdan vafot etdi. Otam esa COVID’ga chalinib, bir oyga yaqin Zangiotadagi kasalxonada yotdi. Oldiga kiritishmaydi, ahvoli og‘ir. Otamni ko‘rish armon bo‘lmasin deb Ozodbek Nazarbekovdan COVID markaziga kirishga yordam berishlarini so‘radim. O‘sha paytda ko‘ngilli sifatida u yerga xodimlar yuborilardi. Tibbiy xodim bo‘lib, markazga kirdim va apparatga ulangan otamni ko‘rdi. Yuzimdagi niqobni yechganimda otam quvonganidan yig‘lab yuborgandi. 5 kun oldilarida bo‘ldim, afsuski otam ko‘p o‘tmay qo‘limda jon berdi
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Singlim bilan singandik”
—
Shaxsan men uchun ota-onam tirikdek. Ular bizni deb yemadi, ichmadi, och qolsa-da bizni boqdi. Biroq biz shu ishni qilamiz deganda, ularni yo‘qotdik. Singlimga ham shu gapni aytaman. Turmush o‘rtog‘imga ham aytaman, ular oyilariga ozgina jahl qilsalar ham ko‘tara olmayman. Hamma qaynonamni qattiqqo‘l deydi, lekin men o‘sha qattiqqo‘l qaynonamni yaxshi ko‘raman. Peshonamga shu ayolni qaynona bo‘lishi bitilgan ekan, ming shukr. Ko‘pchilik “bandalik” degan gapni tushunmaydi, uni ota-onani yo‘qotgandan keyin tushunish mumkin. Ota-onamizni yo‘qotganimizda Malika bilan singanmiz. Dunyoni butun ranglari biz uchun yo‘qolgan. Endi farzandlarim uchun yashashim kerak
, deydi Muhabbat Qurbonova.
“Alloh meni qizim bilan sinadi”
—
Onamning vafotidan keyin Alloh meni qizim bilan sinadi. To‘ng‘ich farzandim buyrak xastaligiga chalinib, ikki yil ichida 3 marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. O‘zbek shifokorlarini yomonlash niyatim yo‘q. Ammo ular tajribasizlik qilib, sog‘lom buyrakka aziyat yetkazib qo‘yishgan. Keyin biz qizimizni Germaniya, Isroil yoki Moskvaga olib borib davolatmoqchi bo‘lganmiz. U paytda qizim dializ olib, buyragiga “trubka” ulab qo‘yilgan edi. Qizimning joni og‘riyotganini ko‘rib, yuragim ezilardi. Chunki uning haroratini 39 darajadan tushmasdi. Moskvalik shifokorlar g‘ayridin bo‘lsa-da, ular qalban Allohga ishonadi. U hammasi Yaratgandan ekanligi, nasib qilsa bolam sog‘ayib ketishiga ishontirdi. Joynamoz ustida o‘tirib, “Bizda imkoniyat bor, balki qizimga bir buyragimni bersam yashab ketadi”, deb o‘zimni tinchlantirishga urindim. So‘nggi operatsiyadan keyin buyragidan yuborilgan kontrast hech qanday to‘siqsiz o‘tdi. Bu hol nafaqat meni balki jarrohni ham quvontirdi. O‘sha damda ikki yillik azobli kunlarim ko‘z oldimdan o‘tdi. Joni og‘rib Moskvaga borgan qizim, sog‘lom insonlardek Toshkentga qaytdi
, — deydi Muhabbat Qurbonova.
Dots.nt Muhabbat Qurbonova bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalarga dars beradi. Bundan tashqari, yakkaxon raqqosa, xoreograf sifatida ham faoliyat yuritadi. Uni o‘z jamoasi va ko‘plab shogirdlari bor.
Manba: daryo.uz
Mavzuga oid yangiliklar
Kuzda immunitetni yaxshilash uchun nimalar iste’mol qilish kerak?
Bugun, 08:18, Hayot uchun