Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida «Ozarbayjon Otabeklari» filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ozarbayjon madaniyat vazirligi
ma’lum qildi
.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iston – deyarli barcha turkiy tilli davlatlarda tarixni kino san’ati yordamida qayta idrok etishga urinish kuzatilmoqa.
«Ozarbayjon Otabeklari» filmi ham turkiy Eldegiziylar sulolasi asoschisi Shamsiddin Eldegizning hukmronlik yo‘liga bag‘ishlangan. Qipchoq urug‘iga mansub Shamsiddin qullikdan hukmdorlikka qadar bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan.
Kartinada, xususan, Eldegizning 1163 yilda Dabil hududida (hozirgi Naxchivon) gurji-vizantiya qo‘shini ustida qozongan tarixiy zafari aks etgan. Ushbu g‘alabadan keyin u o‘z davlatini mustahkamlashga muvaffaq bo‘lgan va «Shamsiddin» (Dinning quyoshi) unvonini olgan.
Tarixiy-badiiy film Ozarbayjon televideniyesi, «Şahdağfilm» ctudiyasi, «İkinci Yeni Film» turk kompaniyasi, «Patik Prodüksiyon» va «Ernet Grup» shirkatlari hamkorligida suratga olingan. Ozarbayjon Madaniyat vazirligi va Kino agentligi rasmiy hamkor sifatida qatnashgan.
Filmda turkiy xalqlarning mushtarak merosi sanalgan o‘tovdan ham foydalanilgan.
Ikki qismli kartinada 100 dan ziyod aktyor qatnashgan. Bosh rolni ozarbayjonlik qoidasiz jang ustasi Zabit Samedov ijro etgan.
Otabeklar yoki Eldegiziylar sulolasi 1136–1225 yillarda Ozarbayjonning katta qismi, Shimoli-G‘arbiy Eron va Arron hududida hukm surgan.
Ingliz sharqshunosi Klifford Bosvort «Musulmon sulolalari» kitobida (Toshkent, «Fan» nashriyoti, 2007) yozishicha, Otabeklar sulolasining tarixdagi o‘rni shu bilan belgilandiki, ular islomni gurji Bagratiylar sulolasiga mansub hukmdorlarning tobora zo‘rayib borayotgan hujumidan himoya qilganlar.