Xonanda Umida Mirhamidova “Daryo”ga bergan intervyusida san’atkorlarda ham qiyin vaziyatlar bo‘lishi, og‘ir ahvolda ham xalq xizmatlariga borishga majbur bo‘lgani va odamlar holatni bilmay turib noo‘rin gap-so‘z qilishi haqida
gapirdi
.
— Ham ijod, ham mas’uliyat yuki garchi tobim bo‘lmasa-da, hozir “Bravo”ning konsert oldi repetitsiyasida qatnashishimga sabab bo‘lyapti. Bilasiz, xalq xizmatidagi odammiz, xizmatlar 22:00 dan keyin tugaydi. Bugun ham tayyorgarlik jarayoniga xizmatdan chiqib keldim. Yigitlar kechki sakkizdan yig‘iladi va hamma to‘plangunga qadar kutadi, chunki repetitsiya uchun jamoa to‘liq bo‘lishi kerak. Kechagi yomg‘irli kunda faqat menmas, jamoaning boshqa ishtirokchisi Durdonaxon ham shamollab qoldi. Jamoa menga ishongan, shuning uchun ham tobim yo‘q edi, borolmayman, deyolmayman.
Kerak bo‘lsa, avvaldan belgilab qo‘yilgan to‘y xizmatlariga mas’uliyatni his qilib boraman. Lekin lafz bor, boramiz dedikmi, boramiz. Juda og‘ir vaziyatlarda borolmasligimiz mumkin. Ammo qo‘l-oyog‘imiz but, tilimiz biyron bo‘lib aylanib turibdi, ozgina isitma borligini hisobga olmasa, hammasi yaxshi. Bu yigitlarni ko‘rib kasallik ham esdan chiqib ketadi. Kelganidan beri tinmaydi, bir zum tayyorgarlikdan to‘xtamayapti, men-ku hech bo‘lmasa dam olyapman. Ularning harakatini ko‘rib, kasalman deyishga haqqim yo‘q.
— Gap isboti bilan: Qozog‘istonga tadbirga borganimizda zinadan qoqilib ketib, qo‘lim sinib qoldi. Kechqurun xizmatga chiqishim kerak edi. Juda qattiq og‘ridi, lekin qo‘lim qimirlab turgani uchun uncha e’tibor bermadim. Shu bilan Toshkentga qaytganimizda og‘riq kuchayib ketdi. Kasalxonaga borib rentgen qildirsam singan dedi va gips qilingan qo‘l bilan chiqib ketdim.
Yana bir voqea: “QVZ”da chiqadigan paytim birdaniga bel og‘rig‘i tutib qoldi, xalq tili bilan aytganda “grija”. Menda “grija” bor deb hech o‘ylamagandim. Repetitsiya paytida belimga qalin jun ro‘mollar bog‘lab yurganman, faqat o‘tirib tayyorlanganman, turolmaganman. O‘sha konsertni ahamiyat berib tomosha qilsangiz, juda sekin yurganman. Hattoki bel og‘rig‘im tutib qolsa, go‘yo sizlarga suyangandek bo‘lib turaman, shunday sahnalar ham qilamiz, deb yigitlarga iltimos qilganman. Chunki chidab bo‘lmas darajadagi og‘riq bor edi.
O‘sha vaqtlar qishda qattiq qor yoqqandi. Yunusobodda juda uzun zinali to‘yxonaga xizmatga bordik. To‘y egalariga belim og‘riyotganini tushuntirdim. Meni e’lon qilganingizda yugurib sahnaga chiqolmayman, go‘yoki siz bilan gaplashib borayotgan sekin yurib kelaman, dedim. To‘yxona sahnasi ham bir oz yuqoriroq ekan, tepaga chiqmay, o‘zimcha obraz yasab, sahnaga o‘tirib qo‘shiq kuylaganman. Lekin bunday vaziyatlarni muxlislarga sezdirmaslikka harakat qilamiz. Nega desangiz, pul o‘lsin, shu ahvolida ham pul deb to‘yga kelibdi, deydiganlar bor. Lekin biz rostdan ham shunday og‘ir ahvoldaligimizni to‘y egalariga ko‘rsatmagunimizcha ular ishonmaydi. Shu sababli ham mana shunday qiyin vaziyatlarda vazifamizni bajarishga harakat qilamiz, deydi xonanda.
Umida Mirhamidova
,
To‘y
,
Xalq xizmati
,
Million
,
Sahna