Boru yo‘g‘ingdan hech arzing bo‘lmasin,
Ko‘nglingni butun tut, darzing bo‘lmasin.
Yodingdan chiqmasin ko‘hna bir hikmat
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin.
Sabr soyasida qanoat qurgin,
Ichingdan o‘tganin bildirmay yurgin.
Yog‘masang hamki, do‘st, gumbirlab turgin
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin.
Kimdir narvon qo‘ymay istar yulduzlar,
Alloh hokim vaqtga so‘rar foizlar.
Asragan ko‘zingga solar og‘izlar
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin.
Ostonangni o‘yib, eshiging buzar,
Tanish-yot oldida mashmasha tuzar.
Do‘stu yor, qardosh ham orani uzar
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin.
Bedardga hol aytma, bo‘lsa imkoning,
Nomardga sir berma – oshmas fig‘oning.
Yarimta non bilan rohatda joning
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin.
Qarzdor misli pechak ilashgan guldir,
Yoki oromi yo‘q zanjirsiz quldir.
Hayot elab bergan bir ma’ni shuldir
Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin…
Ctrl