O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari ikki davlat madaniyat va san’at sohasi vakillarini faxriy unvonlar bilan mukofotladi.
Shavkat Mirziyoyevning 5 sentyabrdagi farmoni bilan Qirg‘izistonning madaniyat va san’at sohasidagi quyidagi ikki vakili faxriy unvon bilan mukofotlandi:
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoni bilan — T.Satilganov nomidagi Qirg‘iz milliy filarmoniyasining estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijori Omurbayev Nur Santashevich;
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist faxriy unvoni bilan — erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbek.
Farmonda qayd etilishicha, ular ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari hamda strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta xizmatlari, o‘zining yorqin va betakror iste’dodi, musiqa va qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida muloqotni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shgan munosib hissasi, qardosh xalqlar orasidagi birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi ibratli ishlari uchun mukofotlandi.
Sadir Japarovning shu kuni imzolangan farmoni bilan O‘zbekistondan ham madaniyat va san’at sohasidagi ikki vakilga fahriy unvon berildi:
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga — Qirg‘iziston xalq artisti faxriy unvoni;
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “An’anaviy maqom ijrochiligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farangiz Mahmudovaga — Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni.
Hujjatda aytilishicha, ushbu unvonlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun berildi.