26 avgust kuni Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
Festival 30 avgustga qadar davom etadi. Marosimda YUNЕSKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va boshqa tashkilotlardan faxriy mehmonlar ishtirok etmoqda. Umuman, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar
qatnashmoqda
.
Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bu kabi festivallarni o‘tkazishdan asosiy maqsad nimaligi haqida aytib, intervyusi davomida festivallar o‘tkazish bitta ko‘chani asfalt qilgandan ko‘ra muhimroq ekanini ta’kidlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa mazkur gap turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
“
Sizlar ko‘p savol berasizlar bizga: maqom festivali qilyapsizlar, baxshichilik, hunarmandlar festivallari qilyapsizlar, bular kerakmi, undan ko‘ra asfalt qilgan yaxshimasmi, degan millionta har xil fikrlar bor. Lekin hozir bu, kechirasiz-u, bitta ko‘chani asfalt qilgandan ko‘ra muhimroq.
Chunki inson madaniyatiga tahdid bostirib kelyapti, shuning uchun bunaqa festivallarga 3−5 mlrd so‘m ishlatish, menimcha, inson kelajagini asrab qolishda juda muhim. Madaniyat vaziri sifatida bunga asfaltdan ham muhimroq, boshqa narsalardan ham o‘ta muhim bo‘lgan masala, deb qarayman
”, degan Ozodbek Nazarbekov.
O‘zbek xalqining boy va qadimiy musiqa san’ati har doim Sharq xalqlari madaniyati orasida alohida o‘rin tutib kelgan. Uning bu mavqeyi xalq ijodiyoti bilan uzviy bog‘langani sababli hozirgi zamonda ham tobora oshib bormoqda. Bu yilgi “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali ana shu qadriyatlarni yanada yuksaltirishni maqsad qilgan.