in

O‘zbekistonda avtomobilni qayta jihozlash imkoniyatlari kengaytirildi

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtirilganligi, byurokratik to‘siqlar qisqartirilganligi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtotransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 15 kundan 10 kungacha qisqartirilmoqda, ya’ni transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatiga moslashtirilmoqda.

Avtomobil qayta jihozlangan deb tan olinadigan o‘zgarishlar ro‘yxati ham kengaymoqda — 58 tadan 241 tagacha. Davlat xizmatlari agentligiga ko‘ra, ilgari ayrim hollarda, masalan, yuk mashinasini maishiy chiqindilarni tashish mashinasiga aylantirish uchun qayta jihozlashga qonuniy asos bo‘lmagani bois bu harakatlar taqiqlangan edi. Hozir bu ro‘yxat sezilarli darajada kengaymoqda, ya’ni qonunchilik bazasi yaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avtomashinani qayta jihozlashga ruxsat berish haqidagi arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 30 foizi (102 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Avtomobilga bir vaqtning o‘zida ikkita gaz balloni (siqilgan va suyultirilgan gaz) o‘rnatishga taqiq joriy etilmoqda. O‘lchami katta va og‘ir yuklarni tashishga ruxsat berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 8 ish kunidan ikki ish kunigacha qisqartirilmoqda. Bundan tashqari, avtotransport vositasini boshqarish huquqiga ishonchnoma elektron shaklda rasmiylashtirilganda egasining qarzdorligi Majburiy ijro byurosining ma’lumotlar bazasi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.