in

O‘zbekiston avtomobil bozorida Trade-up dasturi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasining «Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq savdo tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hukumat qarori loyihasi quyidagi maqsadlar uchun ishlab chiqilgan:

1. «Distribyutor» va «diler» maqomini aniq belgilash

Vazirlar Mahkamasi qarorlarida «distribyutor» va «diler» tushunchalarining talqini boshqa xarakterga ega.

Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 martdagi 38-sonli qarorida «distribyutor» vositachi tashkiloti sifatida ko‘rsatilgan va «diler» so‘zining izohi unda aks ettirilmagan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi 683-sonli qarorida «distribyutor» so‘zining izohi yo‘q, biroq unda «rasmiy diler» so‘ziga ta’rif berilgan. Bundan tashqari, ushbu qarorda ham avvalgi qaror kabi ham «distribyutor» vositachi tashkiloti sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

«Distribyutor» va «diler» ta’riflarini to‘g‘ri talqin qilish maqsadida taklif qilinayotgan loyihada ularning talqinlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Amaldagi qonunchilikda distribyutor va dilerlar tomonidan avtomototransport vositalarini ishlab chiqaruvchilardan oldindan (avans) to‘lovi evaziga sotib olish mexanizmi yo‘qligi sababli, vositachilik (topshiriq) shartnomalari bo‘yicha faoliyat yuritilmoqda. Bu avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarining aylanma mablag‘lari muzlatib qo‘yilishiga, distribyutor (diler) korxonalari avtomobil sotilishida zamonaviy va rivojlangan davlatlar tajribasida keng qo‘llaniladigan dasturlarni iste’molchilarga taqdim qilishda cheklanishiga olib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalari avtomototransport vositalarini o‘zlari tomonidan tayinlagan distribyutor (diler) korxonalariga oldindan to‘lov (avans) asosida sotish imkonini beradi.

2. Trade-up dasturini joriy etish

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, iste’molchilarga o‘zlari foydalangan avtotransport vositasini yangi mahalliy ishlab chiqarilgan avtotransport vositasiga almashtirish imkoniyatini yaratuvchi Trade-in dasturi joriy qilingan.

Trade-up dasturi esa – ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini boshqa ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasiga almashtirish hisoblanadi.

Trade-up dasturining joriy etilishi yuridik va jismoniy shaxslarga o‘zlarida foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini boshqa ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasiga almashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Bugungi kunda respublikada Trade-up dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan bitimlar amaliyotda narx farqini to‘lagan holda ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasi evaziga faqat yangi avtomobil berish bilan cheklanadi.

Trade-up dasturini joriy etish orqali iste’molchiga distribyutorlik (dilerlik) markazida boshqa yoki shunga o‘xshash toifadagi avtomobilni topish imkoniyati beriladi, bunda qo‘shimcha to‘lovdan qochish imkoniyati mavjud bo‘lsa ham, undan farqli o‘laroq, yangi avtomobil uchun farqni qo‘shimcha to‘lash, ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomobil uchun arzonroq bo‘ladi yoki ehtimol narxdagi farq iste’molchining o‘ziga to‘lab berilishi mumkin.

3. Distribyutor va dilerlik korxonalari tomonidan tuziladigan bitimlarni notarial tartibda rasmiylashtirmasdan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan bitimlar ro‘yxatiga qo‘shish

Ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalari ikkilamchi bozorida naqd pul aylanmasini qisqartirish va budjetga soliq tushumlarini ko‘paytirish maqsadida yuridik shaxslarga (distribyutorlik va dilerlik korxonalariga) ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalari bilan bog‘liq oldi-sotdi bitimlarni notarial tartibda rasmiylashtirmasdan turib, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish imkoniyati berilishi kerak.

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi qarorlarida aks ettirilgan, notarial tartibda rasmiylashtirmasdan turib amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan bitimlar ro‘yxati distribyutor va dilerlar tomonidan tuziladigan ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar bilan to‘ldirildi.

Bu chora asosan yashirin iqtisodiyot va naqd pul aylanmasini qisqartirish, shuningdek, ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalarining ikkilamchi bozorida sodir etilayotgan turli firibgarlik sxemalarini kamaytirishga qaratilgan.

Ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositalari bozorida bitimlar tuzishning qo‘shimcha mexanizmining joriy etilishi distribyutor va dilerlik korxonalariga oldi-sotdi shartnomalarini oddiy yozma shaklda, ya’ni notarial tartibda rasmiylashtirmasdan tuzish imkonini beradi.