in

Elektromobillar qancha vaqtda o‘z qiymatini yo‘qotadi?

Transport vositasiga egalik qilishda eng katta xarajatlardan biri amortizatsiya (qadrsizlanish) hisoblanadi. Avtomobil avtosalondan chiqishi bilan o‘z qiymatini yo‘qota boshlaydi. Vaqt o‘tgan sari bosib o‘tilgan masofa va mashinaning eskirishi tufayli uning bahosi yanada pasayadi.

Xo‘sh, elektromobillar (EV) ichki yonuv dvigatelli avtomobillar bilan taqqosalaganda qanchalik chidamli? Ular o‘z qiymatini yaxshiroq saqlay oladimi yoki tez qadrsizlanadimi? Euronews bu haqda maqola

tayyorladi

.

Amortizatsiya nima?

Amortizatsiya — avtomobilning dastlabki qiymati bilan uning hozirgi bozor qiymati o‘rtasidagi farq.

Butun Yevropa bo‘ylab ko‘pchilik avtomobillar dastlabki uch yil ichida o‘z qiymatining qariyb 50 foizini yo‘qotadi, biroq to‘rtinchi-beshinchi yilga kelib amortizatsiya sur’ati sekinlashadi.

Sakkiz-o‘n yil ichida aksariyat avtomobillar o‘z qiymatining katta qismini boy beradi.

Amortizatsiyaga nimalar ta’sir qiladi?

Avtomobilning qadrsizlanish tezligi bir qancha omillarga, jumladan, bosib o‘tgan masofasiga, holatiga, talab va taklifga, markasi va modeliga bog‘liq.

Elektromobillarda esa akkumulator holati, texnologik rivojlanish va davlat siyosati kabi qo‘shimcha omillar ham muhim rol o‘ynaydi.

Yaqinda Italiyada o‘tkazilgan tadqiqotda milliy soliq siyosati avtomobillarning xarid narxlari va qoldiq qiymatiga ta’sir qilib, amortizatsiyaga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, ba’zi mamlakatlarda subsidiyalar tufayli Tesla Model 3 Toyota Corolla’dan 8 524 yevro arzonroq, boshqalarida esa 6 590 yevro qimmatroq turadi. Bu ikkala modelda soliq yuklamasi sezilarli farq qildi: 448 yevrodan 16 022 yevrogacha.

Soliq imtiyozlaridagi bunday tafovutlar butun Yevropa bo‘ylab avtomobillarni qayta sotish narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy pasayish yoki ishlab chiqarishning sekinlashishi kabi tashqi omillarni unutmaslik kerak. Masalan, COVID-19 pandemiyasi davrida ishlab chiqarishning qisqarishi yetkazib berish taqchilligiga olib keldi, bu esa ishlatilgan avtomobillar narxini oshirdi.

Elektromobillarning amortizatsiyasi: alohida qonuniyat

Elektromobillar tarixan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga nisbatan boshqacha amortizatsiya egri chizig‘iga ega bo‘lib kelgan. Dastlab, elektromobillar, asosan, akkumulator texnologiyalarining tez rivojlanishi tufayli tezroq qadrsizlangan. Yurish masofasi uzoqroq, quvvatlash imkoniyatlari yaxshiroq bo‘lgan yangi modellar paydo bo‘lishi bilan eski elektromobillar o‘z qiymatini yanada tezroq yo‘qotdi.

Elektromobilning eskirishiga bir nechta asosiy omillar, xususan, akkumulator degradatsiyasi ta’sir qiladi. Yangi elektromobillarga, odatda, sakkiz yilgacha yoki 160 000 kilometrgacha kafolat berilishiga qaramay, akkumulator uzoq ishlay olishi borasida xavotirlar haligacha dolzarb. Biroq elektromobil akkumulatorlarining holati va samaradorligiga ixtisoslashgan Recurrent kompaniyasi ma’lumotlari optimistik natijalar ko‘rsatmoqda.

20 000 nafar EV egalari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, akkumulatorlarning atigi 2,5 foizi ishlab chiqaruvchining chaqiruvisiz almashtirilgan. Bu esa akkumulatorlar degradatsiyasi ilgari xavotirlangandan ancha sekinroq kechayotganini anglatadi. Bu holat potensial xaridorlarni elektromobil akkumulatorlari uzoq muddat sifatini yo‘qotmasligiga ishontiradi.

Ikkinchi muhim omil texnologik taraqqiyotdir: elektromobillarning yangi modellari uzoqroq masofa bosib, tezroq quvvatlanadi, bu esa eski modellarni urfdan chiqarmoqda. Natijada, jadal texnologik rivojlanish eski elektromobillarning qayta sotish qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Talab va taklif ham muhim omil hisoblanadi. So‘nggi yillarda yangi elektromobillar sotuvining keskin o‘sishi natijasida ishlatilgan elektromobillar taklifi ham ko‘paymoqda. Bunda, ayniqsa, ayniqsa, bozorni to‘ldirib, narxlarni pasaytirayotgan flot kompaniyalarning xizmati katta.

Xitoydan arzonroq modellarning kirib kelishi ham ushbu tendensiyaga hissa qo‘shib, ishlatilgan elektromobillarni qayta sotish narxlariga bosimni oshirdi.

Shuningdek, narxlarning qayta taqsimlanishi bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yaqinda avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi elektromobillar narxining pasaytirilishi ishlatilgan avtomobillar bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Arzon narxlar iste’molchilarni o‘ziga jalb qilsa-da, ishlatilgan elektromobillarning qiymati uzoq vaqt barqaror qolishiga shubha uyg‘onmoqda.

Elektromobillarning ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga nisbatan amortizatsiyasi qanday?

Autovista Group ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropaning bir qator bozorlarida elektromobillar ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga qaraganda tezroq qadrsizlanyapti.

Uch yillik va 60 000 kilometr masofani bosib o‘tgan elektromobillarning qiymati past. Aksincha, hibrid elektromobillar o‘z qiymatini ancha yaxshi saqlab turibdi.

Irlandiyaning eng yirik avtomobil savdo sayti DoneDeal’ning 2024 yil sentyabr oyidagi hisobotiga ko‘ra, mamlakatda ishlatilgan elektromobillar narxi o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga tushgan. Bunga ishlab chiqaruvchilarning yangi avtomobillarga nisbatan qo‘llagan agressiv narx siyosati hamda bozordagi taklif hajmining oshishi sabab bo‘lgan.

Ishlatilgan elektromobillar bozori bormi?

Amortizatsiya bilan bog‘liq muammolarga qaramay, ishlatilgan elektromobillar bozori o‘sib bormoqda. Narxlarning pasayishi yangi elektromobil sotib olishga qurbi yetmaydigan xaridorlar uchun ayni muddao.

Batareya texnologiyasi tobora takomillashib, jamoatchilikning elektromobillarga ishonchi ortishi sababli amortizatsiya sur’ati yaxshilanmoqda. Bu esa ishlatilgan avtomobillar bozorida elektromobillarning raqobatbardoshligini oshirmoqda.

Elektromobillarni qanday kelajak kutmoqda?

Soha tahlilchilari elektromobillarning kelgusidagi qiymatini qator omillarga asoslanib prognoz qiladi. Bularga akkumulator ishlab chiqarish xarajatlari, chiqindi gazlarga qo‘yiladigan soliqlar, yo‘l haqi to‘lash tizimlari va davlat imtiyozlari kiradi.

2035 yildan boshlab Yevropa Ittifoqida benzin va dizelda yuradigan yangi avtomobillarni sotish taqiqlandi. Bu elektromobillarni qayta sotish qiymatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Elektromobil tannarxining eng katta qismi — umumiy qiymatning taxminan 40 foizini batareyalar tashkil etadi. Biroq xomashyo narxining pasayishi va ishlab chiqarish quvvatining elektromobillarga bo‘lgan talabdan oshib ketishi sababli akkumulatorlar narxi tushishi kutilmoqda.

Garchi elektromobillar azaldan ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga qaraganda tezroq qadrsizlgan bo‘lsa-da, ishlatilgan elektromobillar bozorining rivojlanishi va talab ortishi bilan bu tafovut qisqarishi kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, avtomobilning amortizatsiyasi kelajakdagi xaridorlarning istagi va talablariga bog‘liq. Elektromobillar texnologiyasi takomillashib borishi bilan, vaqt o‘tgan sari elektromobillarning o‘z qiymatini yanada barqaror saqlab qolishi ehtimoli ortib boradi.

Mavzuga oid yangiliklar