in

Avtomashinani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi avvalgi miqdorga qaytarildi

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 3 maydagi (6 may kuni e’lon qilingan) buyrug‘i bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari), elektromobillar va mototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun oshirilgan to‘lovlar kamaytirilishi belgilandi.

1 apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish stavkalari 68 baravarga – BHMning 10 foizidan (34 ming so‘m) 6,84 BHMga (2,32 million so‘m) va elektromobillar uchun 15 baravarga (1,5 BHM yoki 540 ming so‘m) oshgandi. Tarif ko‘tarilganidan so‘ng avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish narxi qariyb 5 million so‘mgacha oshdi.

Yangi tartib bilan avtomobillar va elektromobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar yana BHMning 10 foizigacha qisqartirildi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish to‘lovi (oddiy avtomobillar uchun 6,84 BHM va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarmadi.

Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi avtomashinalarni ro‘yxatga olish stavkalari oshishi sabablarini hozircha izohlamadi.