Futbol transferlari va bozor qiymatlarini kuzatib boruvchi nufuzli Transfermarkt portali so‘nggi paytlarda bir qator milliy chempionatlar, jumladan, Angliya Premer-ligasida to‘p surayotgan futbolchilarning transfer baholarini yangiladi. Ushbu yangilanishlar ortidan turli sport nashrlari ham qiziqarli tahlillar tayyorlamoqda.
Xususan, futbol yangiliklarini yoritib kelayotgan Vetnamning Znews.vn portali jahonning turli ligalarida faoliyat yuritayotgan Osiyo qit’asidan chiqqan eng qimmat futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Ushbu reytingga kiritilgan sakkiz nafar osiyolik charm to‘p ustalari orasida Yevropa chempionatlarida o‘z iqtidorini namoyon etayotgan, muxlislar e’tiborini qozongan va transfer bozorida yuqori baholanayotgan yulduzlar bor.
Abduqodir Husanov — reyting peshqadami
Osiyo qit’asining eng qimmat futbolchilari ro‘yxatida O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Hozirda “Manchester Siti” safida o‘ynayotgan markaziy himoyachi o‘zining tezkorligi, maydondagi vaziyatni aniq baholash qobiliyati va himoyadagi ishonchli harakatlari bilan mutaxassislar e’tiborini tortib kelmoqda.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Husanovning transfer qiymati 35 million yevro atrofida baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich nafaqat uning hozirgi formasini, balki kelajakdagi ulkan salohiyatini ham aks ettiradi. Shu tariqa u ayni paytda Osiyo qit’asining eng qimmat futbolchisi sifatida qayd etilmoqda.
Takefuso Kubo — yapon futbolining porloq yulduzi
Reytingda ikkinchi o‘rinni Yaponiya milliy jamoasi va “Real Sosedad” klubi hujumchisi Takefuso Kubo egalladi.
Yapon futbolchisi 30 million yevroga baholanmoqda. Kubo o‘zining yuqori texnikasi, tezkor driblingi va hujumdagi kreativ harakatlari bilan mashhur. So‘nggi yillarda u yapon futbolining eng yorqin va barqaror yulduzlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Kayshu Sano — intizomli yarim himoyachi
Uchinchi pog‘onada yana bir yapon futbolchisi — Kayshu Sano joylashgan.
U Bundesligada “Mayns 05” jamoasi safida harakat qiladi va uning transfer bahosi 25 million yevro deb belgilangan.
Sano tayanch yarim himoyachi sifatida to‘pni olib qo‘yish, raqib hujumlarini bartaraf etish va maydonda intizomli harakat qilish bilan ajralib turadi.
Li Kan In — PSJdagi koreyalik pleymeyker
Janubiy Koreya vakili Li Kan In ham xuddi shu — 25 million yevrolik bahoga ega.
Hozirda u Fransiyaning mashhur klubi “PSJ” safida to‘p surmoqda. Li Kan In ajoyib individual texnikasi, hujumlarni tashkil etishdagi kreativ fikrlashi va samarali pleymeykerlik mahorati bilan tanilgan. U Osiyo futbolining eng ijodkor hujumchilaridan biri sifatida ko‘riladi.
Kaoru Mitoma — Premer-ligadagi xavfli qanot hujumchisi
Angliya Premer-ligasida o‘ynayotgan yana bir yapon futbolchisi Kaoru Mitoma ham 25 million yevroga baholangan.
U o‘zining yuqori tezligi, texnik harakatlari va dribling mahorati bilan raqib himoyachilariga muntazam muammo tug‘dirib kelmoqda.
Kim Min Je — Yevropada tanilgan himoya devori
Janubiy koreyalik markaziy himoyachi Kim Min Je ham 25 million yevrolik transfer bahosi bilan reytingda oltinchi o‘rinni egallab turibdi.
U avval Italiyaning “Napoli” klubi safida porlab, jamoaning A Seriya chempioni bo‘lishida katta hissa qo‘shgan. Hozirda u Germaniyaning mashhur klubi “Bavariya” tarkibida o‘ynamoqda.
Ris-u Doan — universal hujumkor futbolchi
Yaponiya milliy jamoasining hujum yulduzi Ris-u Doan ham Transfermarkt mutaxassislari tomonidan 25 million yevroga baholangan.
Hozirda u Germaniyaning “Ayntraxt Frankfurt” jamoasi safida harakat qiladi. Doan tezligi, hujumlarni yakunlashdagi mahoratli harakatlari va turli pozitsiyalarda o‘ynay olishi bilan ajralib turadi.
Sion Suzuki — yosh va istiqbolli darvozabon
Reytingdagi yana bir futbolchi — Yaponiya milliy jamoasi darvozaboni Sion Suzukidir.
Uning transfer bahosi 20 million yevroga teng. Hozirda Suzuki Italiyaning “Parma” klubi safida to‘p surayotgan bo‘lib, bir nechta yirik Yevropa jamoalarining qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Osiyo futbolining yangi yulduzlari
Mutaxassislar fikricha, bu reyting Osiyo futbolchilarining Yevropa maydonlaridagi nufuzi va ta’siri ortib borayotganini yana bir bor ko‘rsatadi.
Ayniqsa, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning reytingda yetakchilik qilishi mamlakat futbol muxlislari uchun katta faxr va kelajak uchun katta umidlar uyg‘otmoqda.
Futbol ixlosmandlari esa bu yulduzlar kelgusida yanada katta klublarga o‘tishi va jahon futbolida yangi sahifalar yozishini intiqlik bilan kuzatishmoqda.
Ma’lumot
Mehmon
guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar
»
Sport
» Osiyoning eng qimmat futbolchilari reytingida Husanov yetakchilik qilmoqda
So’nggi yangiliklar
Bugun ham metan “zapravka”lari cheklangan rejimda ishlaydi
Bugun, 11:53
16 mart oltin quymalarning sotuv narxlari e'lon qilindi
Bugun, 11:16
“Jang ortidan jang” filmi “Oskar”ning bosh sovrinlarini qo‘lga kiritdi
Bugun, 10:45
