in

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish doirasida AQSH bilan bayonnoma imzoladi

2024 yil 19 dekabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida tovar va xizmatlar bozoriga kirish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq, noyabr oyi boshida muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha guruhlar tomonidan ushbu muhokamalarning yakunlanganligi e’lon qilingan edi.

Tegishli bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH Savdo vakili Ketri Tay tomonidan imzolandi.

Marosimda O‘zbekiston tomonidan prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov, elchi Furqat Sidiqov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda muzokaralar guruhi a’zolari ishtirok etgan.

AQSH tomonidan tadbirga Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Brendon Linch, JST va ko‘p tomonlama savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nil Bek va bozorga kirish bosh muzokarachisi Olga Lutchin qatnashgan.

Tadbirda tomonlar erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi ikki mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimi, adolatli va shaffof savdo qoidalarga asoslangan munosabatlarga sodiqligini qayd etgan.

Imzolash marosimi yakunida tomonlar yana bir bor O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish, jumladan, ko‘p tomonlama muzokaralar va qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shartlarini muvofiqlashtirish doirasida hamkorlikni jadallashtirishini tasdiqlagan.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida AQSH – bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan 21-davlat bo‘lgan edi.

Mavzuga oid yangiliklar