in

Ruslan Nurudinov: "O‘zim o‘rnatgan rekordlarni yangilash ichimdagi olovni yoqib, katta motivatsiya beradi"

Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Ruslan Nurudinov bir necha kun oldin Bahraynda bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha dunyo birinchiligida 3 yil avval o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilab, uch karra jahon chempionligiga erishgani o‘zbek sporti uchun muvaffaqiyatli o‘tgan 2024 yilga ajoyib yakun yasab berdi.

Andijon o‘g‘lonining 33 yoshida oltin medallar bilan birga jahon rekordini yangilay olgani o‘zbek og‘ir atletikasi maktabi qanday kuchga ega ekanini yana bir karra ko‘rsatdi. Polvonimizning avvalgi darajaga qanday qayta olgani bizni ham

qiziqtirdi

.

– Professional sport bilan shug‘ullanganlar yaxshi biladiki, bu yoshda yuqori sport formaga qaytish juda murakkab. Ustozlarim bilan tinmay mehnat qildik va xudoga shukur yana o‘z vaznimda eng kuchli sportchiga aylandim. Orada kichik ko‘ngilsizlik ham bo‘ldi. Biroq yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi bilan barchasi yengib o‘tildi.

– Sportchi erishishi mumkin bo‘lgan barcha natijalaringiz bor. Sizni sportda nima ushlab turibdi?

– Aytganingizdek, kolleksiyamda barcha musobaqalarning oltin medallari bor. Ba’zilarida rekordlar ham o‘rnatganman. O‘zim o‘rnatgan rekordlarni yangilash ichimdagi olovni yoqib, katta motivatsiya beradi.

– Ba’zi sabablar bilan Tokio va Parijdagi Olimpiadalarni o‘tkazib yubordingiz. Bu juda katta psixologik qulashga olib kelishi mumkin. Siz o‘zingizni ruhan qanday tikladingiz?

– Ochig‘i, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining saralashidan keyin biroz tushkunlik bo‘ldi. Nazariy jihatdan bu yilgi Olimpiadada qatnashish imkoniyatim bor edi. Biroq buning uchun -102 kg vazn toifasiga qaytishim talab etilardi. Bu vaznga tushishim uchun ko‘p vazn tashlashim kerak edi. Harakat qilib ko‘rdim, ammo salomatligim bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani uchun tavakkal qilmadik. Bu ham bir sinov va bundan faqat mehnat orqali muvaffaqiyatli o‘ta oldim.

– Los-Anjeles-2028 ga ham tayyorgarlik ko‘rasizmi? Ungacha shunday formada yetib borishingiz uchun nimalar kerak?

– Albatta, harakat qilib ko‘raman. Buning uchun sportga ilmiy jihatdan ko‘proq yondashish kerak. Zamonaviy sportda muvaffaqiyatning asosiy kaliti ilm-fan hisoblanadi. Metodika va tibbiyotni uyg‘unlashtirib, to‘g‘ri tayyorgarlik qilishimiz lozim. Shunda muhtaram Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan Los-Anjeles Olimpiadasida kuchli o‘ntalikdan joy olish vazifasini uddalashimiz osonlashadi.

Руслан Нурудинов

,

Рекордлар

,

Мотивация

,

Жаҳон чемпиони

,

Оғир атлетика