Oxford Insights tashkiloti tomonidan “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi” reytingi e’lon
qilindi
.
Ushbu reytingda O‘zbekiston 53,45 ball bilan 70-o‘rinni egallab, 17 pog‘onaga ko‘tarildi. Mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-o‘rinni egallab turibdi.
Mazkur reyting hukumatning sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga tayyorligini baholaydi va 40 ta indikator asosida tuziladi.
Mamlakatning ushbu yutuqlari hukumat tomonidan tasdiqlangan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” hamda bu sohadagi izchil islohotlar natijasi ekanligi ta’kidlandi.
Reytingda O‘zbekiston Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasida Hindiston va Turkiyadan keyin 3-o‘rinni egallagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni sun’iy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimotda, sun’iy intellekt bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligini aytgandi. Prezident mas’ullarga sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Keyinroq sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar, shu jumladan:
sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
YAIDXP (my.gov.uz) da sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;
sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish;
hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekistonni birinchi 50 ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish.
Mavzuga oid yangiliklar