Mamlakatimizda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan, kamida 100 milliard so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar «chempion» tadbirkorlar paydo bo‘ldi.
Bu korxonalar eng ilg‘or texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, o‘zlari arzon resurs olib kelayapti, kredit va soliqni o‘z vaqtida to‘layapti, muddati o‘tgan qarzi yo‘q.
Muhimi, ular har kuni yangilikka intilib, izlanishdan to‘xtamayapti. Ular ko‘p tarmoqli korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qo‘shayapti.
Prezident boshqa salohiyatli tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlab, «chempion» tadbirkorlarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.
Bunday tadbirkorlarga yer va binoni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish, harbiy sanoat, dronlar ishlab chiqarish, IT va sun’iy intellektni keng rivojlantirishda ular bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.
Dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi IT va fintex sohalaridan chiqqan. Aholimizning 56 foizi yoshlar. Prezident ta’kidlaganidek, shu raqamlarni o‘zi sohada katta salohiyat, ish o‘rni, yuqori daromad yotganini ko‘rsatadi.
IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati 1 milliard dollardan oshgan «TBC Uzbekistan» va «Uzum» xususiy kompaniyalari paydo bo‘lgani bunga yaqqol misol ekani ta’kidlandi.
Bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi. Xususan, ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.
IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oxirgi 3 yilda Bojxona kodeksining 100 dan ortiq moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin uning qoidalari ham Jahon savdo tashkiloti, ham tadbirkorlarning talabiga mos emas. Shu munosabat bilan har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.