in

Ja’far Irismetov Masharipov masalasi, yana qanday transferlarga qo‘l urayotgani va yangi rejasi haqida

Yaqinda “Neftchi” klubiga Ja’far Irismetov bosh menejer etib tayinlanganidan xabaringiz bor. Bungacha uning bir necha bor farg‘onaliklar jamoasida ish boshlashi mumkinligi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi.

Nihoyat, bu safar barchasi o‘z tasdig‘ini topdi. Ja’far Irismetov “Neftchi” bosh menejeri sifatidagi ilk intervyusini

Sports.uz

saytiga berdi.

– Ja’far aka, nihoyat siz haqingizdagi gap-so‘zlar tasdig‘ini topdi va rasman “Neftchi” klubida ish boshladingiz. Bosh menejer lavozimiga tayinlanganingiz fonida asosiy majburiyatlaringiz qanday bo‘ladi?

– Ha, “Neftchi” jamoasi bilan shartnoma tuzdim. Meni vazifamga nima kiradi? “Neftchi”ni asosiy tarkibi, barcha infratuzilmadagi ishlar, keyin rahbariyatni yana bir asosiy vazifalaridan biri U21 va U19 jamoalarini yaqin ikki yil ichida mahalliy tarbiyalanuvchilardan tashkil topishini ta’minlash hamda “Neftchi”ni asosiy tarkibiga mahalliy futbolchilardan jalb qilish. Kelajakda yoshlarga katta e’tibor berilishini ta’kidlab o‘tdilar. Albatta, “Neftchi”ni chempion bo‘lishi va Kubokni qo‘lga kiritishi birinchi navbatdagi vazifa.

– “Neftchi” 10 dekabr sanasigacha limitdan tashqari bir qancha shov-shuvli transferlarni amalga oshirdi. Bularning bari sizning xizmatingizmi?

– Ha, “Neftchi” bir nechta transferlarni amalga oshirdi. Yaxshi futbolchilar jalb qilindi, deb hisoblayman. Xudo xohlasa, barchasini o‘z o‘rni bor. Meni aloqam yo‘q, desa ham bo‘ladi. Chunki endi ishga tushdim. Bundan bu yog‘iga ham “Neftchi”ni yaxshi futbolchilar bilan mustahkamlaymiz.

– Sizni bosh murabbiy Vitaliy Levchenko bilan munosabatingiz ham ko‘pchilikka qiziq edi. Yaqinda suhbatlashganimizda u bilan aloqangiz yo‘qligini aytgandingiz. Endi u bilan gaplashib oldingizmi va murabbiy klubdagi ishini davom ettiradimi?

– Ha, albatta. Nimagadir ko‘pincha media sohasida ishlaydiganlar Levchenko bilan meni aloqam yaxshi emasligi haqida ta’kidlab o‘tishadi. Lekin unday emas. To‘g‘ri, o‘tgan safar “Neftchi”ga meni jalb qilishganida o‘tmaganman. Buni o‘ziga yarasha sabablari bor. Bunga Levchenkoni aloqasi yo‘q. To‘g‘ri, Vitaliy Grigorevich bilan yaqin munosabatda emasman deb aytganman. Endi birga ishlaymiz. Bizni maqsadimiz bir, Levchenkoni ham, meni ham. “Neftchi” klubini eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarmoqchimiz. Levchenkoni men bilan munosabati yomon yoki sizlarni o‘rtanglar boshqacha, degan gaplarga asos yo‘q. Endi bundan buyon bosh murabbiy bilan gaplashib, seleksiya va yana boshqa masalalarda gaplashib, birga ishlaymiz. Qolgan mish-mishlarga asos yo‘q.

– Eshitishimcha, klubni hamon qarzdorligi bor. Ammo yangi mavsum uchun qimmat narxlarda transferlarni amalga oshiryapti. Jamoa yana moliyaviy tomondan qiynalib qolmaydimi? Futbolchilar, yoshlar jamoalari, ishchi-xodimlardan qarzdorlik qachon bartaraf etiladi?

– Klubni qarzdorliklari bo‘yicha men ham OAV orqali eshitganman. O‘ylashimcha, rahbariyat tez orada buni bartaraf qiladi. Hozirgi kunda shu masala ustida ishlashyapti. Aytib o‘tganimdek, yoshlarga e’tibor bo‘ladi. Yoshlarga katta e’tibor berilishini men ham rahbariyatdan so‘radim. Albatta, qarzdorliklarni hal qilishadi. Ammo men hali bu masalani o‘rganib chiqqanim yo‘q. Jamoa bilan endi tanishyapman. Viloyat rahbari klubda hech qanaqa qarzdorlik qolmasligini aytdi. Xudo xohlasa, “Neftchi” o‘z mavqeini yanada mustahkamlaydi.

– Ja’far aka, shuningdek, “Neftchi” Masharipovni ham transferi ustida ishlayotgani rostmi?

– “Neftchi”ni hozirgi transferlaridan kelib chiqib, Masharipov yoki boshqasi keladi, degan taxminlar ko‘p. Xudo nasib qilib, Masharipov keladigan bo‘lsa, xursand bo‘lamiz. “Neftchi” unga aloqaga chiqqanmi-yo‘qmi? Jalolni qanaqa saviyadagi o‘yinchiligini bilamiz. Lekin bu rahbariyatga bog‘liq. U bizda top futbolchilardan biri bo‘lgani uchun maoshi ham top darajada bo‘ladi. Hozirgi kunda Masharipov masalasida biror narsa deyishim qiyin. Jamoamizda unga o‘xshagan futbolchilar ko‘p bo‘lsa xursand bo‘lamiz.

– Umuman olganda, muxlislar uchun shov-shuvli transferlar davom etadimi? Aytaylik, Iskanderov, Hamrobekov, Cheran, Boltaboyev kabi o‘yinchilarni ham “Neftchi”ga o‘tishi haqida gap-so‘zlar bor…

– To‘g‘ri, short-listimizda bu futbolchilarni ko‘pi bor. Qachonki, shartnoma imzolanganida bilinadi. Biroq hali shartnoma tuzilmagunicha har xil shov-shuvli gap-so‘zlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Cheran, Iskanderov, Boltaboyev masalasida shartnoma imzolanmaguncha biror nima deyish qiyin. O‘zaro bitim tuzilsa, biz darhol ommaga taqdim etamiz.

– “Neftchi” yana chempionlik uchun kurashadi. Bu borada sizning reja va loyihangiz nimadan iborat?

– “Neftchi”dan har yili chempionlik kutishyapti. Meni bu borada reja va loyihalarim bor. Busiz ish boshlash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Sizga yuqorida aytib o‘tdim, meni rejalarimdan biri yaqin ikki yil ichida mahalliy yoshlarni tarbiyalab, ularni asosiy jamoaga qo‘shish. Ammo hozirgi kunda muxlislarni buni tezroq bo‘lishini talab qilishini noto‘g‘ri deb hisoblayman. Chunki chempionlik uchun hali mahalliy futbolchilar tayyor emas. Ikki yillik rejamiz bor va shunga asosan ishimiz to‘g‘ri ketsa chempion ham bo‘lamiz va mahalliy, iqtidorli yoshlarimiz ham ko‘payib qoladi. Hozir transferlarga hayron bo‘lish kerak emas. Nimaga “Neftchi” bunday transferlar qilyapti, o‘zimizda ham mahalliy yoshlar bor, chempionlikka asta-sekin erishsa bo‘ladi, degan gaplarni o‘zim ham eshityapman. “Real” yoki yana boshqa grand klublarni ko‘rsangiz ham chetdan kuchli futbolchilarni olib kelib, natija qiladi. Aytganimdek, ikki yil ichida o‘rinbosarlarimizdan mahalliy yoshlarni tarbiyalab asosiy jamoaga jalb qilamiz. Yana rejalarimiz ko‘p. “Neftchi”ni har taraflama o‘sishiga hissamni qo‘shmoqchiman.

– Shuningdek, qishki seleksiya jarayonida “Navbahor” rahbari Otabek Samatovning “Neftchi” seleksiyasiga yordam berayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q emas. Buni tasdiqlay olasizmi?

– Otabek Samatovni bu yerga aralashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U “Navbahor” jamoasini rahbari. Shunchaki, “Navbahor”dan Jamshid Iskanderov, Jamshid Boltaboyev kabi o‘yinchilarni ketishi sababidan shunaqa taxminlar ko‘payib ketdi. Otabek Samatovni hech qanaqa aloqasi yo‘q. To‘g‘ri, u “Navbahor” klubini rahbari. Deylik, Jamshid Iskanderovni olmoqchi bo‘lsak, kimga aloqaga chiqiladi? Albatta, Otabek Samatovga. Shu bois har xil gaplar tarqab ketgan bo‘lishi mumkin. Ammo uni “Neftchi”ga umuman aloqasi yo‘q. Faqat short-listimizda “Navbahor”dan bir nechta o‘yinchi borligi uchun, masalan Jokich o‘tdi. Shuning uchun turli gaplar tarqalgan bo‘lishi mumkin. Uni o‘zini jamoasi bor. Samatov haqidagi gaplarga asos yo‘q.

Ctrl