Toshkentda 18 dekabr kuni Mercedes-Benz yo‘lovchi avtobusida yong‘in sodir bo‘ldi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Poytaxt FVB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Amir Temur shoh ko‘chasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar soat 21:07 da kelib tushgan. Voqea joyiga ikki o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadasi yuborilgan. Ular soat 21:13 da yetib kelgan va yong‘inni soat 21:23 da o‘chirgan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
“Toshshahartransxizmat”ning bildirishicha, 169-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi ushbu avtobus 2013 yilda ishlab chiqarilgan. Haydovchi A.N. boshqaruvidagi avtobus Yunusobod tumani Uch qahramon posti yaqinidagi aylanma yo‘l oldidagi bekatda to‘xtagan vaqtda, avtobusning elektr kabellarining qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan.
Haydovchi avtobus salonidagi yo‘lovchilarni tushirganidan so‘ng, yong‘inni o‘chirish uchun birlamchi o‘t o‘chirish moslamasi orqali dastlabki choralar ko‘rishiga qaramay, yong‘in alangaga aylangan. Shundan so‘ng, voqea joyiga FVV Yong‘in qutqaruv bo‘linmasi tezkor guruhi chaqirilib, yong‘in qisqa vaqtda bartaraf etilgan.
Mazkur hodisa yuzasidan YHXB hamda FVB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilib, yong‘in yuzaga kelishining sabablariga aniqlik kiritilmoqda.
Mavzuga oid yangiliklar