27 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida IX Yevropa kinofestivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan festival doirasida ko‘hna qit’a kinoijodkorlari suratga olgan sara kartinalar namoyish
etiladi
.
Festival ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Toyvo Klaar ishtirok etdi.
«
Har yili o‘tkaziladigan Yevropa kinofestivali o‘zbek tomoshabinlari uchun yevropalik kinoijodkorlar nigohi bilan dunyoni ko‘rish imkonini beruvchi chinakam noyob tadbirdir. Dasturdagi har bir film tomoshabinlarni hissiyotlar, mulohazalar va butun dunyo odamlarini birlashtiruvchi haqiqiy hikoyalar olamiga chorlaydi. Sizni ushbu yorqin hikoyalar va hissiyotlar dunyosiga sho‘ng‘ib, Yevropa kinosining boyligini kashf etishga taklif qilamiz
», – dedi elchi Toyvo Klaar.
«
Yevropa kinofestivali yana bir bor san’at orqali xalqlarimizni birlashtirmoqda. Buni e’tirof etib, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ushbu tadbir nafaqat kino san’ati durdonalaridan zavq olish, balki madaniyatlarimiz o‘rtasida do‘stlik ko‘priklarini qurish imkonini beradi. Festival uchun tanlangan kartinalarda ham Yevropa, ham O‘zbekiston uchun mushtarak tuyg‘ular aks ettirilgan. Festival ilhom, birlik va madaniy muloqot ko‘zgusiga aylansin
», – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev.
Festival dasturini ukrainalik rejissyor Antonio Lukich suratga olgan «Luksemburg, Luksemburg» filmi ochib berdi. Mazkur film bir necha xalqaro festivalda e’tirof qozongan.
29 noyabrdan 1 dekabrga qadar Milliy kino san’ati saroyida (sobiq «Panorama») davom etadigan festivalda hujjatli, ilmiy fantastika, komediya va detektiv kabi rang-barang janrdagi filmlar ko‘rsatiladi.
Festival uchun Avstriya, Bolgariya, Germaniya, Latviya, Polsha, Sloveniya, Ukraina, Finlyandiya, Irlandiya, Shvetsiya kabi davlatlar kinoustalari suratga olgan kartinalar saralab olingan.
Tashkilotchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti, Farg‘ona politexnika universiteti va Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida ham kinonamoyishlar o‘tkaziladi.
Mavzuga oid yangiliklar