Gipertoniyaga nisbatan bejiz ko‘rinmas qotil ta’rifi berilmaydi. Odam uzoq vaqt davomida o‘zida qon bosimi balandligini bilmasligi, oradan vaqt o‘tib esa jiddiy muammolarga duch kelishi ehtimoli mavjud. Biz uchun zararsiz tuyulgan odatlar sekin-asta yurak kasalliklari rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar qon bosimni o‘lchaydigan uskuna ko‘rsatkichi 120 ga 80 dan yuqori bo‘ladigan bo‘lsa, unda quyidagi maslahatlarga amal qilishni tavsiya
qilamiz
.
Qon bosimi bir oz ko‘tarilganda darrov dori vositalarni qabul qilish holatigacha olib kelmaslik uchun hayot tarzingiz va ovqatlanish jarayonini nazorat qilishda yordam beradigan foydali odatlarni shakllantiring.
Yashirin natriydan ehtiyot bo‘ling
Natriy va osh tuzi bir xil narsa deb o‘ylasangiz, adashasiz. Tuz 60 foiz natriy va 40 foiz xlordan iborat. Natriy alohida tarzda boshqa oziq-ovqat mahsulotlarida ham mavjud va ayni paytda sho‘r ta’mga ega bo‘lmaydi.
Natriy qon bosimini bevosita oshiruvchi modda. Shuning uchun sotib olayotgan barcha mahsulotlardagi yorliqlarni o‘qishni qoidaga aylantiring, bu orqali ortiqcha natriy iste’molining oldini olgan bo‘lasiz. Masalan, non, pishloq va boshqa sut mahsulotlarining ayrim turlari, tayyor souslar juda ko‘p natriyni o‘z ichiga oladi.
Konservalangan mahsulotlarni cheklang
Konservalangan mahsulotlarda ham natriy ko‘p, chunki tuz konservantlar asosini tashkil qiladi. Konservalangan loviya, sabzavot yoki go‘sht mahsulotlarini kamdan kam holatlarda xarid qiling. Yuvib bo‘lmaydigan bunday oziq-ovqatlarni yashil sabzavotlar bilan birga iste’mol qiling.
Tuz o‘rnini bosuvchi boshqa mahsulotlarni sinab ko‘ring
Oddiy osh tuzi o‘rnini bosuvchi boshqa turdagi tuzlar mavjud. Ular juda mazali va foydali hamdir. Masalan, dengiz o‘tlari tuzi: kelp, laminariya va gomasio kabilar shular jumlasidandir. Bunday tuzlar ovqat uchun foydali ziravor sifatida ishlatiladi va tarkibida natriy miqdori juda pastligi hamda ekzotik ta’mi bilan ajralib turadi.
Ko‘proq ziravorlar va ko‘katlar iste’mol qiling
Turli ko‘katlar, ziravorlar ishlatish ham osh tuzidan kamroq foydalanish imkonini beradi. Sarimsoq, oddiy piyoz, limon sharbati, quritilgan ko‘katlar kukunidan tajriba qilib ko‘rishingiz mumkin.
O‘simlik tolalariga boy meva va sabzavotlarni unutmang
Yasmiq, loviya, turli donlar, meva va sabzavotlar, qisqasi, o‘simlik tolalariga boy bo‘lgan barcha mahsulotlar qon bosimini pasaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, ular turli mikroelementlar va antioksidantlar orqali ham yurak-qon tomir salomatligini mo‘tadil saqlashga yordam beradi.
Ko‘chada tayyorlangan taomlarni kamroq tanovul qiling
Hech kimga sir emaski, biz natriyni ikkita asosiy manbadan: qayta ishlangan oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish joylaridan olamiz. Shu sababli iste’mol qilinadigan natriy miqdorini keskin kamaytirishning eng samarali usuli bu uy sharoitida tayyorlangan taomlarga urg‘u berishdir. Ish joyingizga uyda o‘zingiz pishirgan taomni tushlik uchun olib borish ham yaxshi odatdir.
Mavzuga oid yangiliklar