O‘zbekistonning issiq iqlimi, xalqimizning ovqatlanishdagi o‘ziga xos xususiyatlari, ayrim hududlarda ekologik vaziyatning yomonlashishi respublikamiz aholisi orasida oshqozon-ichak tizimi kasalliklari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun aholining bu xastaliklardan xabardor bo‘lishi muhimdir.
Shu maqsadda Milliy tibbiyot markazi vrach, gastroenterolog E’tibor To‘xtayeva bilan suhbatlashdik.
— Oshqozon-ichak tizimi kasalliklari qanday vujudga keladi?
— Oshqozonning me’yorida faoliyat ko‘rsatishi uning shilliq qavati butunligiga bog‘liq. Buning uchun inson tanasidagi va tashqaridan ta’sir etuvchi himoya hamda agressiv omillar o‘rtasidagi aniq muvozanat saqlanishi zarur. Shilliq qavatni shikastlovchi agressiv omillar:
🔴 xlorid kislotasi;
🔴 pepsin;
🔴 o‘t kislotalari;
🔴 oshqozonosti bezi shirasi (uning o‘n ikki barmoq ichakka tushishi);
🔴 bakteriyalar va mikroorganizmlar;
🔴 ovqat bilan tushuvchi toksin moddalar (shu jumladan, dorilar).
Shilliq qavatning himoya omillari:
– shilliq va biokorbonatlar sekretsiyasi;
– hujayralarning o‘z vaqtida yangilanishi;
– uning qon bilan me’yorida ta’minlanishi, yallig‘lanishga qarshi sitokinlar deb ataluvchi va to‘qimalar qon bilan ta’minlanishiga ijobiy ta’sir etuvchi garmonlarning me’yorida ishlab chiqarilishi.
Oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak kasalliklariga chalinmaslik uchun inson tanasidagi hamda tashqaridan ta’sir etuvchi agressiv va himoya omillari o‘rtasidagi aniq muvozanat saqlanishi kerak.
— Gastrit qanday kasallik?
— Gastrit oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishi bilan kechuvchi kasallik hisoblanib, qator tashqi va ichki salbiy omillar ta’sirida yuzaga keladi.
Uning kelib chiqishiga quyidagi tashqi va ichki omillar sabab bo‘ladi.
Tashqi omillar
:
🔺ovqatlanish tartibining buzilishi (ovqatning miqdori va sifati, kechqurunlari ko‘p miqdorda ovqatlanish);
🔺spirtli ichimiliklar iste’mol qilish;
🔺taom tayyorlashda o‘tkir ziravorlardan ko‘p foydalanish;
🔺ovqat mahsulatlari va masalliqlarini saqlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga keladigan infeksiyalarning ta’siri;
🔺tuxum, ziravorlar, meva, malina, qulupnay kabi ayrim taomlarga allergiya mavjudligi;
🔺ayrim dori vositalarining salbiy ta’siri.
Ichki omillar
:
🔺infeksiyalar va gripp, zotiljam, buyrak va jigar yetishmovchiligi kabi kasalliklar ta’siri;
🔺kuyish, muzlash, nurlanish ta’sirida organizmda to‘qimalarning parchalanishi.
Gastritning o‘tki va surunkali shakllari mavjud.
Tashqi omillar ta’sirida yuzaga kelgan o‘tkir gastritda salbiy omil bevosita oshqozon shilliq qavatiga ta’sir ko‘rsatib, uning yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi va keyinroq ikkilamchi o‘zgarishlar qo‘shiladi.
Ichki omillar ta’sirida yuzaga kelgan o‘tkir gastritda ular qon bilan asta-sekin oshqozon shilliq qavatida o‘zgarishlar chaqiradi va bemor ahvolida umumiy zaharlanish belgilari ustunlik qiladi. Ayrim hollarda kasallikning kelib chiqishida har ikkalar guruh omillari faol ishtirok etadi.
Shilliq qavatning chuqurroq zararlanishi bilan kechadigan o‘tkir gastritda aksariyat shilliq qavatning o‘lishi kuzatiladi. Bunda bemorlarning og‘iz bo‘shlig‘ida, qizilo‘ngach va epigastral sohada kuchli og‘riq, shilliqli va qonli qayt qilish, og‘ir hollarda karaxtlik va keyinchalik butun qorinda kuchli og‘riq turishi belgilari yuzaga keladi. O‘tkir gastritga shubha bo‘lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilgan ma’qul.
O‘tkir gastritning oldini olish, ovqat mahsulotlari va masalliqlarni saqlash hamda shaxsiy sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish kabi tadbirlarda iborat. Muzlatkichda uzoq muddat saqlangan mahsulotlarni iste’mol qilmaslik, oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta’sir etuvchi spirli ichimlik, nosvoy va sigareta chekmaslik shular jumlasidandir.
Ctrl
Enter