Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi start oldi.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi amaldagi shaxmat Olimpiadasi chempioni hisoblanadi. 2022 yili Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Olimpiadada O‘zbekiston jamoasi tarixiy natija qayd etgan edi.
45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida yosh grossmeysterlar chempionlik himoyasiga kirishadi. Kecha 10 sentyabr kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, Olimpiadaga qur’a tashlash tadbiri ham bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, butunjahon shaxmat Olimpiadasida erkaklar guruhida 197, ayollar guruhida esa 184 ta jamoa ishtirok etadi. Har ikki guruhda ham o‘zbek sportchilari qatnashadi. Turnir shveysarcha formatda 11 tur davom etadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Vladimir Kramnik murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 11 sentyabr kuni 1-turda Trinidad va Tobago shaxmatchilariga qarshi dona suradi.
O‘zbekiston ayollar jamoasi esa ilk turda Gaiti davlati shaxmatchilari bilan o‘ynaydi. Qizlarga Aleksey Dreyev murabbiylik qilmoqda.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tarkibi
: Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov.
Ayollar terma jamoasi tarkibi
: Afruza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova.
Musobaqa 22 sentyabr kuniga qadar davom etadi. Vaqt nazorati : Klassik. Har bir o‘yin boshida o‘yinchilarga 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, 41-yurishdan o‘yin oxirigacha esa qo‘shimcha 30 daqiqa beriladi va har bir yurish uchun 30 sekund vaqt qo‘shib boriladi.
Mavzuga oid yangiliklar